“Xavfsiz talaba” platformasini joriy etish va talabalar xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi
2026-10-12 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Bosh prokuratura tashabbusi bilan tashkil etilgan yig‘ilishda Ichki ishlar vazirligi hamda Ta’lim va ilm-fan vazirligining mas’ul xodimlari, shuningdek, Toshkent shahridagi oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda oliy ta’lim tashkilotlari talabalar turar joylariga oid ma’lumotlarni “EduBilling” axborot tizimida shakllantirish, o‘quv binolari va talabalar turar joylarida o‘rnatilgan videokuzatuv kameralari hamda kirishni nazorat qilish va boshqarish (SKUD) tizimlarini “Vaziyatlar markazi”ga integratsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud holat atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, ishtirokchilarga “Xavfsiz talaba” platformasi va uning mobil ilovasi imkoniyatlari taqdim etildi. Platformaning talabalar xavfsizligini ta’minlash, mavjud vaziyatlarni kuzatib borish va tegishli xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlikni takomillashtirishdagi imkoniyatlariga e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunida oliy ta’lim tashkilotlari kesimida aniqlangan kamchiliklar muhokama qilinib, ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga tegishli tushuntirishlar berildi hamda aniq vazifalar belgilab olindi.









