Sun’iy intellekt sohasida O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
2026-10-06 12:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur hujjat 2026-yil 29-sentabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida imzolandi.
Memorandum doirasida sun’iy intellekt yo‘nalishida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, AI ta’limini rivojlantirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ma’lumotlar infratuzilmasi va markazlarini rivojlantirish, robototexnika, ishlab chiqarishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, “aqlli” fabrikalar hamda Digital Twin texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, qo‘shma namoyish va pilot loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Tashrif davomida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi delegatsiyasi Koreya Respublikasining ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar va sanoat sohalaridagi ilg‘or tajribasi bilan ham yaqindan tanishdi.
Xususan, 28-sentabr kuni delegatsiya Hanyang universiteti, Gyeonggi TechnoPark hamda Koreya Avtomobil Texnologiyalari Instituti (KATECH) faoliyatini o‘rgandi.
Hanyang universitetida ta’lim, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni uyg‘unlashtirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish hamda universitet va sanoat korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish tajribasi o‘rganildi.
Gyeonggi TechnoParkda kichik va o‘rta biznes subyektlarini innovatsion qo‘llab-quvvatlash, startap loyihalarni rivojlantirish, davlat tomonidan moliyalashtirish dasturlari hamda texnologik konsalting xizmatlarini tashkil etish mexanizmlariga e’tibor qaratildi.
Koreya Avtomobil Texnologiyalari Institutida (KATECH) esa avtomobil sanoatida olib borilayotgan zamonaviy ilmiy-tadqiqot ishlari, jumladan, elektr transport vositalari, akkumulyator texnologiyalari, energiya samaradorligi, avtonom boshqaruv, faol xavfsizlik tizimlari, yangi materiallar va komponentlarni takomillashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba o‘rganildi.
Mazkur uchrashuv va tashriflar davomida Koreyaning ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar hamda ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or tajribasi yuzasidan fikr almashildi.
O‘rganilgan tajribalar asosida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada kuchaytirish, zamonaviy texnologiyalarni ta’lim jarayoniga keng joriy etish hamda sun’iy intellekt yo‘nalishida kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.




