Talabalar xavfsizligi: profilaktikadan doimiy nazoratgacha
2026-10-05 16:00:00 / E’lonlar

Uchrashuvda, avvalo, talabalarning ijarada yashayotgan xonadonlarida xavfsizlik talablariga rioya etilishi masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, kuz-qish mavsumida asosiy xavflar gaz va muqobil yoqilgʻidan foydalanish qoidalariga rioya qilmaslik, nostandart isitish moslamalaridan foydalanish, moʻrilarning talab darajasida oʻrnatilmagani, elektr jihozlaridan notoʻgʻri foydalanish hamda shamollatish tizimlarining berkitilishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Shu bois ijara xonadonlarida nafaqat yashash sharoitini, balki gaz, elektr, isitish va yongʻin xavfsizligi holatini ham manzilli oʻrganish, aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish muhim.
Joriy yilning 29 sentyabr — 4 oktyabr kunlari 48 ta oliy taʼlim tashkiloti tomonidan 1 983 ta ijara xonadon oʻrganilib, 3 250 nafar talaba bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Oʻrganishlar natijasi, berilgan tavsiyalarning bajarilishi va talabalar xavfsizligining keyingi holati doimiy nazoratda boʻlishiga eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvda ijarada yashayotgan talabalar bilan ishlashda tyutorlarning masʼuliyatiga alohida urgʻu berildi. Har bir tyutor, avvalo, oʻziga biriktirilgan talabaning qayerda va qanday sharoitda yashayotganini bilishi, uning yashash manzili va sharoitini joyiga chiqqan holda oʻrganishi zarur. Shu bilan birga, ijara xonadonlarida gaz, elektr, isitish vositalari va yongʻin xavfsizligi holatini oʻrganish, xavfli holatlar aniqlanganda ularni bartaraf etish choralarini koʻrish va bu haqda rahbariyatni oʻz vaqtida xabardor qilish talab etiladi.
Talabalarga gazdan zaharlanish, elektr tokidan zararlanish, yongʻin yoki boshqa favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda qanday harakat qilish va tegishli xizmatlarga murojaat etish tartibi muntazam tushuntirilishi lozim. Shuningdek, ijara xonadonlarida xavfsizlik qoidalariga oid profilaktik materiallar akademik va tyutorlik guruhlarida muntazam tarqatilib, talabalarning ular bilan tanishgani nazorat qilinishi belgilandi.
Talabalar bilan ishlashda “Talababay” tamoyilini kuchaytirish ham muhim vazifalardan biri sifatida qayd etildi. Bunda har bir talabaning yashash sharoiti, ijtimoiy holati, mavjud muammolari va yordamga ehtiyoji muntazam oʻrganib boriladi.
Har bir tyutor oʻziga biriktirilgan talabalar bilan kamida bir marta maqsadli xavfsizlik muloqoti oʻtkazishi, ayniqsa kuz-qish mavsumida gaz, elektr va isitish vositalaridan xavfsiz foydalanish qoidalarini tushuntirishi zarur. Ijara xonadonlarida talaba hayoti va salomatligiga xavf tugʻdiruvchi holat aniqlangan taqdirda esa bu haqda rahbariyatga zudlik bilan axborot berilishi va zarur choralar koʻrilguniga qadar holat nazoratda ushlanishi shart.
Shuningdek, tyutorlar ijara.talaba.edu.uz platformasiga talabalarning ijara manzillari va oʻrganish natijalari haqidagi maʼlumotlarni oʻz vaqtida va toʻliq kiritib borishi lozim. Bu oliy taʼlim tashkilotlarida ijarada yashayotgan talabalar bilan profilaktik ishlarni tizimli, manzilli va uzluksiz tashkil etish, aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish hamda har bir talabaning xavfsizligini doimiy nazoratda ushlash imkonini beradi.









