“Besh tashabbus olimpiadasi”: talabalar o‘rtasida ommaviy sport musobaqalariga start berildi
2026-09-29 21:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi vakillari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Shuningdek, mamlakatimizda 29-sentabr – 2-oktabr kunlari o‘tkazilayotgan I Markaziy Osiyo talabalar sporti xalqaro forumi doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Butunjahon universitetlar sporti federatsiyasi (FISU) hamda Osiyo universitetlar sporti federatsiyasi (AUSF) rahbariyati vakillari ham marosimda qatnashdi.
Tantanali marosimda FISU prezidenti Leonz Eder hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ishtirokida musobaqalarga ramziy start berish tugmasi bosildi. Shu tariqa oliy taʼlim muassasalari talabalari o‘rtasida 2026-yilgi sport bellashuvlariga rasman start berildi.
Shuningdek, talabalar sportini rivojlantirish, ommaviy sportni keng targ‘ib etish hamda yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish borasidagi samarali faoliyati va sohaga qo‘shgan munosib hissasi uchun bir qator mutaxassislar “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Maʼlumot uchun: 2026-yilgi mavsumda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi musobaqalarda ishtirok etish uchun 530 ming nafardan ortiq talaba-yoshlar ro‘yxatdan o‘tdi. Musobaqalar mini-futbol, voleybol, stritbol, stol tennisi va yengil atletika sport turlari bo‘yicha tashkil etiladi.









