Janubiy Koreya Respublikasining ilg‘or tajribasi o‘rganilmoqda
2026-09-28 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Dastur doirasida delegatsiya a’zolari GRAND-ICT seminarida ishtirok etib, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida mutaxassislar tayyorlashning zamonaviy yondashuvlari bilan tanishdilar.
Shuningdek, Tech University of Korea (TUK) universiteti faoliyati o‘rganilib, ta’lim, ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyat integratsiyasi bo‘yicha tajriba almashildi.
INTUBE kompaniyasi faoliyati bilan tanishish davomida innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni amaliyotga joriy etish mexanizmlari o‘rganildi. Xususan, kompaniyaning ta’lim jarayonida sun’iy intellektdan foydalanishga yo‘naltirilgan innovatsion yechimlariga e’tibor qaratildi.
Job World (Seongnam) markaziga tashrif chog‘ida esa yoshlarni kasbga yo‘naltirish, ularning kasbiy qiziqishi va salohiyatini aniqlash hamda mehnat bozoriga tayyorlash bo‘yicha amaliy yondashuvlar o‘rganildi.
Koreyalik hamkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda ta’lim dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojlariga moslashtirish, amaliy ta’limni kuchaytirish, zamonaviy texnologiyalarni o‘quv jarayoniga keng joriy etish hamda ta’lim muassasalari bilan ishlab chiqarish sektori o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Malaka oshirish dasturi yakunlari bo‘yicha o‘rganilgan ilg‘or tajribalarni milliy ta’lim tizimiga moslashtirish, kasbga yo‘naltirish va amaliy ta’lim mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, ta’lim muassasalari va ish beruvchilar hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.



