GRANT VA KONTRAKT: ASOSIY FARQ NIMA?
2026-09-27 13:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Video
Demak, grantda o‘qish kontraktga qaraganda boshqa ta’limni anglatadimi?
Yo‘q. Moliyalashtirish shakli ta’lim yo‘nalishining o‘zini o‘zgartirmaydi. Talaba tanlagan ta’lim dasturi asosida o‘qiydi, fanlarni o‘zlashtiradi, imtihonlarni topshiradi va belgilangan talablarni bajargan holda diplom oladi.
Grantga kirgan talaba 4 yil davomida avtomatik ravishda grantda qoladimi?
Yo‘q. 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab ta’lim granti bir o‘quv yili uchun ajratiladi.
1-kursda grant kirish imtihonlarida yuqori natija ko‘rsatgan talabalarga ajratiladi.
2-kursdan boshlab esa grant qayta taqsimlanadi. Bunda talabaning akademik natijalari va ijtimoiy faolligi hisobga olinadi.
2-kursdan grantga kimlar da’vogarlik qilishi mumkin?
Ta’lim granti uchun talabgorning GPA ko‘rsatkichi 3,5 va undan yuqori bo‘lishi kerak.
Baholashda akademik o‘zlashtirish 80 ballgacha, ijtimoiy faollik esa 20 ballgacha baholanadi.
Grant faqat bitta ko‘rinishda bo‘ladimi?
Amaldagi tizimda ta’lim granti va ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant mavjud.
Ta’lim grantida moliyalashtirish natijalarga ko‘ra qayta taqsimlanadi.
Ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant esa qonunchilikda belgilangan imtiyozlar, maqsadli qabul va ayrim maxsus grantlar asosida beriladi.
To‘liq grant olgan talaba stipendiya ham oladimi?
To‘liq ta’lim grantini qo‘lga kiritgan talabalarga belgilangan tartibda stipendiya to‘lanadi. Tabaqalashtirilgan ta’lim grantida esa stipendiya faqat to‘liq grant sohiblariga beriladi.
Grantda o‘qigan talaba o‘qishni tugatgach, 3 yil ishlab berishi shartmi?
Ta’lim granti asosida tahsil olgan talabalarning o‘qishni tamomlagach kamida 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilingan.
Biroq ayrim maxsus grant yoki alohida huquqiy asosdagi dasturlarda bu shart bo‘lishi mumkin.
