Bir orzu — bir imkoniyat — katta natija!
2026-09-26 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar ularning bilim va salohiyatini roʻyobga chiqarish, katta maqsadlar sari intilishini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.

23-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi doirasida faollar bilan uchrashuvda ham yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning orzu va maqsadlarini amalga oshirish uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Ana shunday imkoniyatlardan biri Andijon viloyati Oltinkoʻl tumani Toʻptik MFYda yashovchi, 48-umumtaʼlim maktabining 11-sinfida tahsil olayotgan Adhamjonova Marjona Elyorbek qizi uchun ham katta ragʻbat boʻldi.
Marjona maktabdagi oʻqishi bilan bir qatorda xorijiy tillarni oʻrganishga jiddiy eʼtibor qaratib kelmoqda. U ingliz tili hamda ona tili va adabiyoti fanlaridan milliy sertifikatlarga ega. Ayni paytda u kelgusi yilda oliy taʼlim muassasasi talabasi boʻlish maqsadida tayyorgarlik koʻrmoqda.
Marjonaning bilimga boʻlgan intilishi va erishgan natijalari inobatga olinib, unga Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti bakalavriatida davlat granti asosida tahsil olish imkoniyati berildi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhomjon Toʻxtasinov, universitet rahbariyati vakillari, Andijon viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Komiljon Komilov, Oltinkoʻl tumani hokimi Otavuolloxon Rasulov hamda xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi raisi, “Nuroniy” uyushmasi Andijon viloyati boʻlimi rahbari Oʻktamjon Oxunov Marjonaning xonadonida boʻlib, uni ushbu quvonchli voqea bilan tabrikladi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti tomonidan tayyorlangan sertifikat Marjonaga tantanali ravishda topshirildi.
Universitet rektori Marjonaning bilimga intilishi va kelgusi yilda universitet talabasi boʻlish maqsadini qoʻllab-quvvatlab, unga oʻqishida muvaffaqiyatlar tiladi.
Marjona va uning onasi Toshboltayeva Guljamol Muxiddinovna yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor va ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan minnatdor ekanini bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyevga, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti rahbariyatiga samimiy tashakkur izhor etdilar.




