Samarqandda “Ta’limda shaxmat” xalqaro sammiti o‘tkazildi
2026-09-24 14:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Anjuman ta’lim, davlat siyosati, ilmiy tadqiqotlar va shaxmat sohasidagi mutaxassislarni bir joyga jamladi hamda shaxmatning zamonaviy ta’lim jarayonidagi o‘rnini muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.
Tadbirda so‘zga chiqqan FIDE Prezidenti vazifasini bajaruvchi Vishvanatan Anand, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyev va boshqa mutaxassislar shaxmatni ta’lim tizimiga keng integratsiya qilish, ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish hamda shaxmat vositasida yosh avlodda XXI asr uchun zarur bo‘lgan hayotiy ko‘nikmalarni rivojlantirishning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdilar.
Sammitda turli mamlakatlarda shaxmatni maktab ta’limiga joriy etish, pedagoglarni tayyorlash hamda ta’lim muassasalari va shaxmat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi va dunyo bo‘yicha maktab shaxmat dasturlarining rivojlanish holatini aks ettiruvchi “Chess in Education Global Survey” tadqiqoti natijalari e’lon qilindi hamda shaxmatni xalqaro maydonda rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan tashkilotlar mas’ullari taqdirlandi.
FIDE Prezidenti vazifasini bajaruvchi Vishvanatan Anand tashkilot tomonidan 2026-yilning “Ta’limda shaxmat yili” deb e’lon qilinishi maktablarda shaxmatni rivojlantirish, o‘qituvchilar salohiyatini oshirish va xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.









