Oliy ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi
2026-09-24 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Dastlab, uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan oliy ta’lim tizimi oldiga qo‘yilgan vazifalar, xususan, dual ta’lim tizimini rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni jadallashtirish, ta’lim va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish hamda oliy ta’lim muassasalari faoliyati samaradorligini yuksaltirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida 4-bosqich talabalarini dual ta’lim jarayonlariga to‘liq jalb etish, nazariy bilimlarni amaliyot bilan uzviy uyg‘unlashtirish, dual ta’lim uchun amaliyot bazasi sifatida belgilangan korxona, tashkilot va muassasalarda mutaxassislik kafedralari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasbiy ko‘nikmalarga ega mutaxassis sifatida tayyorlash hamda oliy ta’lim muassasalarida tadbirkorlik yo‘nalishidagi mashg‘ulotlarni hududdagi tajribali va muvaffaqiyatli tadbirkorlar bilan hamkorlikda tashkil etish, mazkur darslarni bevosita amaliy tajribaga ega tadbirkorlar tomonidan olib borish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan oliy ta’lim muassasalari rektorlarining taklif va mulohazalari tinglanib, mavjud masalalarni hal etish hamda belgilangan ustuvor vazifalarni samarali amalga oshirish bo‘yicha kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan muhim chora-tadbirlar belgilab olindi.





