RADDIYA
2026-09-21 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Joriy oʻquv yilidan boshlab xorijlik abituriyentlarni Oʻzbekiston oliy taʼlim tashkilotlariga qabul qilish jarayoni “Study in Uzbekistan” yagona elektron platformasi orqali amalga oshirilmoqda. Platforma xorijlik abituriyentlarga Oʻzbekistondagi oliy taʼlim tashkilotlari, taʼlim dasturlari, qabul shartlari va toʻlov miqdorlari haqida yagona manba orqali maʼlumot olish, hujjatlarni elektron tarzda topshirish va ariza holatini kuzatish imkonini beradi.
Yangi tizimning asosiy maqsadi — xorijlik abituriyentlar uchun qabul jarayonini yanada ochiq va shaffof qilish, ularni turli vositachilarga bogʻliq holatdan chiqarib, oliy taʼlim tashkilotlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish imkoniyatini yaratishdir. Platformada roʻyxatdan oʻtish bepul boʻlib, abituriyent tanlagan oliy taʼlim tashkilotiga bevosita ariza topshirishi mumkin.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston xorijiy talabalar oqimini cheklashdan emas, aksincha, uni kengaytirishdan manfaatdor. Bu borada asosiy maqsad xorijiy talabalar geografiyasini kengaytirish, Oʻzbekistonning taʼlim olish uchun jozibador mamlakat sifatidagi imkoniyatlarini dunyoning turli davlatlarida keng targʻib qilish va taʼlim eksportini barqaror rivojlantirishdan iborat.
Xorijiy talabalarni qabul qilish hajmi esa har bir oliy taʼlim tashkilotining mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqib oliy taʼlim tashkiloti tomonidan belgilanadi. Bunda taʼlim muassasasining oʻquv auditoriyalari, oʻquv-laboratoriya bazasi, professor-oʻqituvchilar salohiyati, talabalar turar joylari va boshqa infratuzilma imkoniyatlari hisobga olinadi.
Xorijlik abituriyentlarga Oʻzbekistonda taʼlim olish uchun rasmiy “Study in Uzbekistan” platformasidan foydalanish, qabul shartlari boʻyicha maʼlumotlarni bevosita tanlangan oliy taʼlim tashkilotidan olish va turli vositachilarga asossiz toʻlovlarni amalga oshirmaslik tavsiya etiladi.
Agar xorijlik abituriyent qabul jarayonida muayyan muammoga duch kelsa, bu haqda platformadagi rasmiy murojaat kanallari orqali xabar berishi mumkin.
