Bilimli yoshlardan masʼuliyat ham talab etiladi!
2026-09-19 16:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Eʼtiborimmizni tortgan jihat — bu ishda ishtirok etganlarning aksariyati talabalar ekani. Ular xalqaro test savollarini yecha oladigan, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega yoshlar. Ammo, afsuski, oʻz bilim va qobiliyatini halol mehnat, ilm-fan va oʻz kelajagini qurishga emas, noqonuniy sxema tashkil etish, boshqalar oʻrniga test yechish va bu orqali pul ishlashga yoʻnaltirgan.
Bu — juda achinarli holat.
Bilimli boʻlish insonga qonunni chetlab oʻtish huquqini bermaydi. Aksincha, bilim ortgan sari insonning masʼuliyati ham ortishi kerak.
Taʼlimning maqsadi insonga bilim va salohiyat berish, uni mustaqil fikrlaydigan, masʼuliyatli va oʻz mehnati bilan natijaga erisha oladigan shaxs sifatida shakllantirishdir. Shuning uchun bilim va qobiliyatdan qanday maqsadda foydalanish ham muhim. Bilim insonga imkoniyat beradi, ammo uning qadri halol mehnat, masʼuliyat va toʻgʻri tanlov bilan namoyon boʻladi.
Birovning oʻrniga imtihon topshirish, test tizimiga noqonuniy aralashish yoki sertifikatni pul evaziga “olib berish” — nafaqat qonunbuzarlik. Bu oʻz bilimi va mehnati bilan natijaga erishayotgan minglab yoshlarga nisbatan adolatsizlik, taʼlimning asosiy qadriyatlariga zid harakatdir.
Yoshlarimiz shuni unutmasin: bilim va iqtidor insonga katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Ammo bu imkoniyatlardan qanday foydalanish har bir insonning oʻz tanlovi va masʼuliyatiga bogʻliq. Oʻz bilimi va salohiyatini noqonuniy maqsadlarga yoʻnaltirish esa nafaqat qonun oldida, balki oʻz kelajagi oldida ham masʼuliyatsizlikdir.
Bugun oson yoʻl bilan qoʻlga kiritilgan sertifikat ertaga haqiqiy bilim, koʻnikma va tajribaning oʻrnini bosa olmaydi. Halol mehnat bilan erishilgan natija esa insonga oʻz kuchiga boʻlgan ishonchni ham beradi.
Yurtimizda har bir yoshning iqtidori, bilimi va salohiyatini qoʻllab-quvvatlanadi. Lekin bilim bilan birga vijdon, masʼuliyat va halollik ham boʻlishi shart!
Bilim — katta kuch. Uni qanday maqsadda ishlatish esa insonning tanlovi.
Qoʻngʻirotboy Sharipov,
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri
