RASMIY MUNOSABAT
2026-09-09 15:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Ijtimoiy tarmoqlarda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipovning abituriyentlarning yuqori natijalari va qabul tartibini takomillashtirishga oid fikrlari turlicha talqin qilinmoqda.
Avvalo, vazirning javobida milliy sertifikatlarning natijalarini inkor qilish, ularga ishonchsizlik bildirish yoki yuqori ball toʻplagan abituriyentlarni ayblash haqida gap yoʻq.
Muxbirning savolida muayyan yoʻnalishlarda ballar juda yuqori shakllanayotgani, jumladan, abituriyentlar orasida yuqori natijalar qayd etilayotgani va bu holatda qabul imkoniyatlarini qanday hal etish mumkinligi soʻralgan.
Vazir esa har bir taʼlim yoʻnalishining oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqib, qabul mexanizmlarini qayta koʻrib chiqish, zarur hollarda qoʻshimcha test yoki imtihon mexanizmlarini joriy etish imkoniyati oʻrganilayotganini aytgan. Bu — sertifikat olgan abituriyentning mehnatini qadrsizlantirish emas, balki qabul jarayonida bilim va qobiliyatni yanada aniqroq baholash masalasidir.
Ayniqsa, ayrim yoʻnalishlarda abituriyentlar soni keskin ortib, yuqori ball toʻplaganlar ulushi koʻpayib borayotgan sharoitda qabul mexanizmlarini takomillashtirish masalasini muhokama qilish tabiiy.
Shuning uchun vazirning “buni hozir oʻylayapmiz” degan fikrini “vazirlik oʻzi bergan sertifikatga ishonmayapti” deya talqin qilish toʻgʻri emas. Aksincha, bu — amaldagi qabul jarayonida yuzaga kelayotgan yangi holatlarga mos ravishda mexanizmlarni takomillashtirish zarurati haqidagi fikr.
Eng muhimi, qabul tartibidagi har qanday oʻzgarish abituriyentlarning huquq va manfaatlarini inobatga olgan holda, aniq, tushunarli va oldindan maʼlum qilingan mezonlar asosida amalga oshirilishi kerak.
Yuqori natija koʻrsatayotgan yoshlar — muammo emas. Aksincha, bu yoshlarning bilim va tayyorgarligi ortib borayotganidan dalolat. Shu bilan birga, vazirlikning vazifasi — ana shu yuqori natijalarni adolatli saralash imkonini beradigan samarali qabul mexanizmlarini shakllantirish.
