Yoshlik shaharchasi: oliy taʼlim transformatsiyasining amaliy modeli
2026-09-19 10:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Oliy taʼlimdagi oʻzgarishlarni faqat yangi binolar, zamonaviy laboratoriyalar yoki talabalar soni ortishi bilan baholab boʻlmaydi. Yaʼni bugun universitet bilim berish bilan cheklanmaydi. Talabani mustaqil fikrlaydigan, tadqiqot qiladigan, yangi gʻoya yaratadigan, uni amaliyotga tatbiq etadigan va mehnat bozorida oʻz oʻrnini topa oladigan mutaxassis sifatida shakllantirish uchun yaxlit muhit yaratish zarur.
Oliy ta’limdagi o‘zgarishlarni faqat yangi binolar, zamonaviy laboratoriyalar yoki talabalar sonining ortishi bilan baholab bo‘lmaydi. Bugun universitet bilim berish bilan cheklanmaydi, Talabani mustaqil fikrlaydigan, tadqiqot olib boradigan, yangi g‘oya yaratadigan, uni amaliyotga tatbiq eta oladigan va mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa oladigan mutaxassis sifatida shakllantirish uchun yaxlit muhit yaratish zarur.
11-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Olmazor tumanidagi tashrifi davomida ko‘rilgan ishlar ana shu yondashuvning amaliy ko‘rinishini namoyon etdi. Talabalar shaharchasida raqamli boshqaruv va xavfsizlik tizimi, yangi muhandislik universiteti, “Startup Navigator” ofisi, oliy ta’lim tarixi muzeyi, talabalar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda kelgusidagi innovatsion klaster uchun yaratilayotgan muhit bir-biridan alohida loyihalar emas. Ularni yagona maqsad, ya’ni talabaning ta’lim olishi, izlanishi, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi va jamiyatga kerakli mutaxassis bo‘lib shakllanishiga xizmat qiladigan ekotizim sifatida ko‘rish zarur.
Bu jihatdan Olmazor tumanidagi tajriba oliy ta’lim tizimini rivojlantirishning yangi bosqichi uchun muhim ahamiyatga ega.
Talaba markazidagi boshqaruv
Bir paytlar oliy ta’lim deganda, avvalo, auditoriya, dars va diplomni tasavvur qilardik. Talabaning universitetda qanday yashashi, o‘zini qanchalik xavfsiz his qilishi, uning iqtidori qanday rivojlanishi, muammosi qachon va qanday aniqlanishi, bitirgandan keyin qayerda ishlashi kabi masalalar esa bir-biridan uzoq jarayonlar sifatida qaralardi. Bugun esa talabaga bo‘lgan munosabatning o‘zi o‘zgarmoqda. Endi biz uchun talaba faqat ta’lim oluvchi emas — uning ta’limi, xavfsizligi, tashabbusi, ilmiy izlanishi, bandligi va kelajakdagi o‘rni bir butun tizimning e’tibor markazida turishi kerak.
Talaba markazidagi zamonaviy boshqaruv avvalo uning muammosini oldindan ko‘ra bilishdan boshlanadi. Bugun Talabalar shaharchasida joriy etilgan “Vaziyatlar markazi” aynan shu vazifani bajarishga xizmat qilmoqda. Markaz Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek va Sergeli tumanlarida joriy etilgan raqamli boshqaruv tajribasi asosida Yoshlik talabalar shaharchasida shakllantirildi.
Bu yerda 4 ta oliy ta’lim muassasasi, 41 ta talabalar turar joyi, 110 dan ortiq kuzatuv kameralari, SOS tugmalari, patrul xizmat avtomobillari va boshqa obyektlar yagona interaktiv raqamli xaritaga integratsiya qilingan. Natijada shaharchadagi vaziyatni onlayn kuzatish, tezkor ma’lumot olish va zarur choralarni o‘z vaqtida ko‘rish imkoniyati yaratildi.
Ilgari talaba haqidagi ma’lumotlar turli tizimlarda tarqoq holda bo‘lishi mumkin edi. Endi esa 68 mingdan ortiq talaba bo‘yicha ma’lumotlar yagona reestrga birlashtirilib, har bir talaba uchun elektron karta shakllantirilmoqda. Davomat, yotoqxona, ijtimoiy holat, murojaatlar va boshqa ma’lumotlarni bir muhitda ko‘rish imkoniyati paydo bo‘lmoqda.
Ayniqsa, “Xavf” modulining ishga tushirilishi muhim. U orqali talaba ijtimoiy holatidagi xavflar oldindan aniqlanib, alohida e’tibor va nazorat talab qiladigan guruhlar shakllantiriladi. Buning uchun ta’lim, ichki ishlar, adliya, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya sohalaridagi axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan ma’lumotlardan foydalanilmoqda.
“Vaziyatlar markazi” faqat xavfsizlik bilan ham cheklanmaydi. “Bitiruvchilar bandligi” moduli orqali bitiruvchining ish bilan ta’minlanganlik holatini onlayn kuzatish, ishga joylashtirish bo‘yicha manzilli choralar ko‘rish imkoniyati yaratilgan. “TTJ” moduli esa talabalar turar joylaridagi o‘rinlar, bo‘sh va band joylar haqidagi ma’lumotlarni bir joyda ko‘rish imkonini beradi.
Talabaning o‘zi ham bu tizimning faol ishtirokchisiga aylanadi. “Xavfsiz ta’lim” mobil ilovasi va Call-markaz orqali o‘qish jarayoni, kontrakt to‘lovi, dars jadvali, yotoqxona, infratuzilma yoki boshqa muammolar bo‘yicha murojaat qilish mumkin. Mobil ilovaga SOS tugmasining qo‘shilishi esa har bir talabaning telefonini qo‘shimcha xavfsizlik vositasiga aylantiradi.
Bu yerda yana bir muhim jihat bor: raqamli tizim nafaqat talabaning xavfsizligini ta’minlash, balki ota-onaning ham farzandi ta’limi va kundalik holatidan xabardor bo‘lib turishi uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. “Xavfsiz ta’lim” mobil ilovasining ota-onalar uchun mo‘ljallangan imkoniyatlari orqali farzandining ta’lim jarayoni, zarur holatlarda uning xavfsizligi va universitet bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ma’lumot olish imkoniyati ko‘zda tutilgan.
Talabalar shaharchasida bir kunda 80 mingdan ortiq talaba harakatlanishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan, “Vaziyatlar markazi” – katta ijtimoiy muhitni inson manfaati va xavfsizligi maqsadida boshqaruvning yangi tajribasidir. Bu — talabani yaxshiroq tushunish, muammoni oldinroq ko‘rish, xavfni oldindan aniqlash va qarorni tezroq qabul qilishga xizmat qiladigan boshqaruv modeli.
Qamrovdan sifatga, sifatdan natijaga
Bugungi o‘zgarishlarni to‘g‘ri baholash uchun, avvalo, oliy ta’lim tizimida islohotlar boshlangan davrdagi holatni eslash kerak. Oliy ta’lim tizimida uzoq yillar davomida shakllangan yondashuvlar zamon talablariga javob berishda qiyinchilik tug‘dirardi. Qamrov past, ta’lim imkoniyatlari cheklangan, universitetlarning mustaqilligi yetarli darajada emas, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi bog‘liqlik esa bugun biz ko‘zlayotgan darajada emas edi.
Shu sababli islohotlar oldida turgan vazifa oddiy emasdi. Gap mavjud tizimni biroz yaxshilash haqida emas, balki yillar davomida to‘plangan muammolarni hal qilish, oliy ta’limni kengaytirish va uni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish haqida edi. Bugun biz erishayotgan natijalarning ahamiyatini ham aynan shu nuqtayi nazardan baholash kerak.
Bu vazifalar qanday ko‘lamda bajarilganini raqamlar ham ko‘rsatib turibdi. Prezidentimizning oliy ta’lim sohasiga qaratgan ulkan e’tibori, yoshlar kelajagi, ularning taqdiriga bo‘lgan g‘amxo‘rligi va izchil sa’y-harakatlari natijasida 2017–2026-yillarda talabalar soni 279 ming nafardan 1,6 million nafarga yetdi. Oliy ta’lim tashkilotlari soni 77 tadan 205 taga, yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi 9 foizdan 44 foizga, ilmiy salohiyat esa 32 foizdan 52 foizga oshdi.
Bu natijalar tizimning ko‘lami o‘zgarganini ko‘rsatadi. Endi oldimizdagi asosiy masala ushbu katta salohiyatni sifat va natijaga aylantirishdan iborat.
2026-yilda qabul qilingan yangi yondashuvlar ham shu maqsadga qaratilgan. Oliy ta’limda ta’lim, tarbiya, tadqiqot, tijoratlashtirish va tizimli takomillashtirishni bir-biri bilan bog‘laydigan “5T” modeli shakllantirilmoqda. Bu modelda universitet bilim, tadqiqot, innovatsiya va iqtisodiy qiymat yaratadigan markaz sifatida qaraladi.
Shuning uchun ta’lim sifati endi faqat auditoriyadagi darslar yoki imtihon natijalari bilan emas, balki talabaning qanday bilim va ko‘nikma bilan bitirayotgani, qanchalik mustaqil fikrlay olishi, ilmiy izlanishga tayyorligi, innovatsion g‘oyasini amaliyotga olib chiqa olishi va mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi bilan baholanishi kerak.
ToshTech: muhandislik ta’limiga yangi yondashuv
Bu yondashuvning eng muhim misollaridan biri “ToshTech” texnika universitetidir. Universitet 2025-yil 8-sentyabrdagi Prezidentimiz qarori asosida tashkil etildi. Loyiha qiymati 69,5 milliard so‘m bo‘lib, Toshkent davlat texnika universitetining 7 qavatli o‘quv binosi to‘liq rekonstruksiya qilinib, zamonaviy laboratoriya va o‘quv jihozlari bilan ta’minlandi. Universitet akademik, moliyaviy va tashkiliy jihatdan mustaqil davlat oliy ta’lim muassasasi sifatida faoliyat yuritmoqda. 2030-yilgacha Toshkent davlat texnika universitetining tegishli fakultet va kafedralarini bosqichma-bosqich yangi innovatsion ekotizimga transformatsiya qilish ko‘zda tutilgan.
“ToshTech”da ta’lim to‘liq ingliz tilida tashkil etilgan. Shanxay Szyao Tong universiteti, Milan politexnika universiteti, Germaniyaning Constructor universiteti va Boston Consulting Group bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Milan Politexnika universiteti bilan uchta ta’lim dasturi bo‘yicha ish olib borilmoqda, Shanxay Szyao Tong universiteti bilan 2+2 va 3+1 dasturlari rejalashtirilgan, ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha ASIIN bilan hamkorlik qilinmoqda.
Yana bir muhim jihat, talaba birinchi kursdanoq real sanoat muammolari bilan ishlaydi. ACWA, UzAuto Motors, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Hududiy elektr tarmoqlari” kabi korxonalar bilan hamkorlikning mazmuni ham shundan iborat. Bu, aslida, oliy ta’lim va mehnat bozori o‘rtasidagi masofani qisqartirishdir.
2026/2027 o‘quv yili uchun universitetga 1654 nafar abituriyent hujjat topshirgani va ular orasidan 400 nafar eng bilimli va iqtidorli yosh saralab olingani mazkur modelga qiziqish yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Ilk talabalarning barchasi davlat granti asosida ta’lim olmoqda.
Bu yoshlar uchun berilgan imkoniyat bilan birga katta mas’uliyat hamdir. Davlat ta’lim olish uchun sharoit yaratsa, talaba bu imkoniyatni bilim, tadqiqot, mehnat va natija bilan oqlashi kerak.
Tarixni bilgan avlod kelajakni yaxshiroq quradi
Talabalar shaharchasida “Oliy ta’lim tarixi” muzeyining tashkil etilishi ham shu nuqtayi nazardan muhim. Muzey da O‘zbekistondagi ta’lim an’analarining ildizlari, Birinchi va Ikkinchi Uyg‘onish davrlari, jadid ma’rifatparvarlari, XX asrda universitetlarning shakllanishi, mustaqillik yillaridagi o‘zgarishlar va Yangi O‘zbekistondagi oliy ta’lim transformatsiyasi o‘zaro bog‘liq holda ko‘rsatiladi.
Ekspozitsiyada Turkiston xalq dorulfununidan tortib, O‘rta Osiyo davlat universiteti, Toshkent davlat universiteti va O‘zbekiston Milliy universitetigacha bo‘lgan tarixiy jarayonlar arxiv hujjatlari, fotomateriallar, infografika va multimedia vositalari orqali yoritiladi.
Ayniqsa, muzeyda oliy ta’limning so‘nggi o‘n yillikdagi o‘zgarishlari ko‘rsatilishi talabalarimiz uchun muhim bir xulosani anglatadi: bugungi imkoniyatlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan emas. Ular uzoq tarixiy taraqqiyot, ilmiy maktablar, ma’rifatparvarlar merosi va keyingi islohotlarning mantiqiy davomidir.
Shu ma’noda, tarix muzeyi ham tarbiyaning bir shakli, xotira orqali kelajakni tarbiyalash maktabidir. Biz talabaga faqat qaysi kasbni egallashni emas, o‘zi tanlagan kasb va ilm zamini qanday shakllanganini ham anglatishimiz kerak. Chunki bugungi universitet bir kunda paydo bo‘lgan emas. Uning ortida asrlar davomida shakllangan ilmiy tafakkur, ustoz-shogird an’anasi, ma’rifatga intilish va bilimni qadrlash madaniyati bor. Ana shu uzviylikni his qilgan yosh o‘zining bugungi imkoniyatini ham, ertangi mas’uliyatini ham chuqurroq anglaydi.
G‘oyadan natijagacha bo‘lgan yo‘l
Zamonaviy universitetning yana bir muhim vazifasi talabaning ilmiy va innovatsion g‘oyasini ko‘rish, uni qo‘llab-quvvatlash va amaliyotga olib chiqish uchun zarur muhitni yaratishdir. Bugun mamlakatimizda 47 mingdan ortiq startap hamda innovatsion ishlanmalar amalga oshirilmoqda. Bu raqam yoshlarning yangilik yaratish salohiyati tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. Endi muhim vazifa ana shu salohiyatni to‘g‘ri yo‘naltirish va har bir istiqbolli g‘oyaning o‘z manziliga yetib borishi uchun imkoniyat yaratishdir.
Shu maqsadda Talabalar shaharchasida “Startup Navigator” ofisi tashkil etilmoqda. U yoshlarning g‘oyalarini saralash, ularni mavjud davlat tanlovlari, akseleratorlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlariga yo‘naltirishda ko‘mak beradi. Ya’ni talaba o‘z g‘oyasi bilan qayerga borishni izlab vaqt yo‘qotmaydi, uning tashabbusi keyingi bosqichga olib chiqiladigan aniq yo‘nalishga ega bo‘ladi.
Aslida, innovatsion muhitning qiymati faqat unda qancha g‘oya paydo bo‘layotgani bilan emas, shu g‘oyalarning qanchasi loyihaga, loyihalarning qanchasi esa real mahsulot, texnologiya yoki xizmatga aylanayotgani bilan belgilanadi. Shuning uchun universitetda yaratilgan tashabbus qog‘ozdagi taklif yoki tanlov uchun tayyorlangan loyiha bo‘lib qolmasligi kerak. Uning ortida ilmiy izlanish, tajriba, sinov, hamkorlik va bozorga chiqish imkoniyati turgan yaxlit jarayon bo‘lishi zarur.
Bu yondashuv oliy ta’limda shakllanayotgan yangi falsafaning muhim qismi. Universitet endi faqat bilim berib, ilmiy maqola tayyorlaydigan maskan emas. U yangi bilimni g‘oyaga, g‘oyani innovatsiyaga, innovatsiyani esa iqtisodiy va ijtimoiy qiymatga aylantiradigan muhit bo‘lishi kerak. Shunda talaba yangi g‘oya va yangi qiymat yaratuvchi shaxs sifatida anglay boshlaydi.
“Yoshlar” talabalar shaharchasida innovatsion klaster tashkil etiladi
“Yoshlar” talabalar shaharchasining 42 gektar hududida IT-park, yuqori texnologiyali sanoat va ta’lim obyektlarini birlashtirgan innovatsion klaster tashkil etilishi rejalashtirilgan. Menimcha, bu yerda muhim jihat faqat yangi obyektlarning barpo etilishida emas. Asosiy masala ularning bir-biri bilan qanday ishlashida.
Chunki zamonaviy oliy ta’lim uchun alohida auditoriya, laboratoriya yoki texnoparkning o‘zi yetarli emas. Ular o‘rtasida uzluksiz harakat bo‘lishi kerak. Talaba auditoriyada olgan bilimini laboratoriyada sinab ko‘radi, laboratoriyada paydo bo‘lgan savol uni tadqiqotga yetaklaydi, tadqiqot natijasi yangi g‘oyaga, g‘oya startapga, startap esa korxona uchun zarur mahsulot yoki texnologiyaga aylanadi.
Shu ma’noda, innovatsion klasterni faqat bir nechta obyekt joylashgan hudud sifatida emas, bilim va g‘oyalar harakatlanadigan muhit sifatida tushunish kerak. Bu yerda universitet, ilmiy markaz, texnologik kompaniya, ishlab chiqarish korxonasi va talaba bir-biridan uzilgan holda emas, yagona jarayon ishtirokchisi sifatida harakat qiladi.
Bu yondashuv “ToshTech”da yo‘lga qo‘yilayotgan muhandislik ta’limi, “Startup Navigator” orqali yoshlarning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy laboratoriyalar va sanoat korxonalari bilan hamkorlik kabi tashabbuslarni ham yagona mantiqqa birlashtiradi. Ya’ni talaba uchun ta’lim, tadqiqot, innovatsiya va amaliyot alohida bosqichlar emas, bir-birini davom ettiradigan jarayonga aylanadi.
Aslida, universitetning hududi qanchalik katta ekani emas, shu hududda qancha bilim yaratilayotgani, qancha g‘oya sinovdan o‘tayotgani va ularning qanchasi real qiymatga aylanayotgani muhim. Shu nuqtayi nazardan, “Yoshlar” talabalar shaharchasida shakllanayotgan muhit oliy ta’lim, ilm-fan, texnologiya va iqtisodiyot o‘rtasidagi yangi bog‘liqlikning amaliy ko‘rinishi bo‘la oladi. Ana shunda talabalar shaharchasi oddiy o‘quv va yashash hududidan yoshlar bilim oladigan emas, bilim yaratadigan, sinaydigan va uni hayotga tatbiq etadigan ekotizimga aylanadi.
Olmazor tajribasi nimani ko‘rsatmoqda?
11-sentyabr kuni Olmazorda ko‘rilgan ishlarga alohida loyihalar yig‘indisi sifatida emas, balki oliy ta’limning yangi modeli qanday shakllanayotganini ko‘rsatadigan yagona tizim sifatida qarash muhim. Raqamli boshqaruv talabaning xavfsizligi va kundalik muhitini yaxshilashga xizmat qilsa, “ToshTech” ta’limni sanoat va mehnat bozori bilan yaqinlashtiradi. “Startup Navigator” g‘oyani amaliy natijaga olib chiqish uchun imkoniyat yaratadi, tarix muzeyi esa ta’lim va tarbiyaning uzviyligini ta’minlaydi. Innovatsion klaster bu jarayonlarni yanada keng muhitda birlashtirishi ko‘zda tutilmoqda.
Buning zamirida bitta muhim o‘zgarish bor: biz oliy ta’limda miqdoriy o‘sish bosqichidan sifat va natija bosqichiga o‘tmoqdamiz. Endi universitet faoliyatini shu muhitda qanday mutaxassis shakllanayotgani bilan baholashimiz kerak. Buning uchun universitetning akademik va boshqaruv mustaqilligi, ta’lim dasturlarining xalqaro talablarga mosligi, ilmiy salohiyat, raqamlashtirish va sun’iy intellektdan samarali foydalanish, sanoat bilan hamkorlik, bitiruvchilarning bandligi kabi yo‘nalishlar bir-biridan ajratilmasligi zarur. Ta’lim sifati aynan shu omillarning bir nuqtada tutashishi orqali namoyon bo‘ladi.
Xalqaro reytinglar va akkreditatsiyalar ham shu jarayonning muhim vositalaridan. Ammo ularni maqsadning o‘ziga aylantirmasligimiz kerak. Reyting universitetning qaysi darajada turganini ko‘rsatadi, akkreditatsiya esa ta’lim jarayonining belgilangan standartlarga mosligini baholaydi. Biz uchun eng muhim mezon esa talaba universitetga kirgan kuni bilan uni bitirayotgan kuni o‘rtasida qanday o‘zgarish yuz berganidir.
Agar u mustaqil fikrlaydigan, kasbiy bilim va ko‘nikmalarga ega, tadqiqot olib bora oladigan, yangi g‘oya taklif qiladigan va uni amaliyotga tatbiq eta oladigan mutaxassis bo‘lib shakllansa, demak, universitet o‘z vazifasini bajargan bo‘ladi. Shu ma’noda, Olmazordagi talabalar shaharchasida boshlanayotgan ishlar oliy ta’limni yangi mazmun, yangi muhit va yangi natija mezonlari asosida tashkil etish yo‘lidagi amaliy qadamdir.
Qo‘ng‘irotboy Sharipov,
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri
