Bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirish — ustuvor vazifa
2026-09-18 10:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Unda deputatlar, Maktabgacha va maktab taʼlimi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirliklari va ular huzuridagi tarmoq tashkilotlari mutasaddilari, Jamoatchilik kengashi aʼzolari, ekspert olimlar, Parlament tadqiqotlari instituti xodimlari va Yoshlar parlamenti aʼzolari ishtirok etdi.
Muloqotda mamlakat taraqqiyotining muhim omili sifatida bilim va malakani yuksaltirish, taʼlim sifatini oshirish, taʼlim dasturlarini mehnat bozori talablari bilan uygʻunlashtirish, yoshlarni zamonaviy va talab yuqori boʻlgan kasblarga yoʻnaltirish masalalari muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, Prezidentimizning Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida bilim va malakani mamlakat kelgusi taraqqiyotining asosiy kapitaliga aylantirish birinchi milliy dastur sifatida ilgari surildi. Bu taʼlim sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga koʻtarish, erishilgan natijalarni sifat jihatidan yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Soʻnggi yillarda taʼlim sohasida salmoqli natijalarga erishildi. Aholi 8 million nafarga koʻpaygan sharoitda maktabgacha taʼlim qamrovi 78 foizga yetkazildi, umumtaʼlim maktablarida 1,5 million qoʻshimcha oʻquvchi oʻrni yaratildi, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻi kengaytirildi. Oliy taʼlim muassasalarida bugungi kunda 1 million 600 ming nafar talaba tahsil olmoqda.
Muhokamalarda endi asosiy eʼtiborni taʼlim qamrovi kabi miqdoriy koʻrsatkichlardan taʼlim natijadorligiga qaratish zarurligi taʼkidlandi. Bunda bitiruvchilarning bilim va koʻnikmalari, zamonaviy kasblarni egallashi, mehnat bozorida munosib oʻrin topishi hamda kasbiy salohiyatini doimiy rivojlantirishi muhim mezonlar sifatida qayd etildi.
Shu nuqtayi nazardan, taʼlim sohasidagi qonunchilikni tizimlashtirish va takomillashtirish Qoʻmitaning muhim vazifalaridan biri sifatida belgilandi. Xususan, taʼlimning barcha bosqichlari oʻrtasida huquqiy uzviylikni taʼminlash, amaldagi normalarni birxillashtirish va sohadagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish maqsadida Taʼlim kodeksini ishlab chiqish masalasi muhokama qilindi.
Kodeksda taʼlim sohasidagi davlat siyosati, taʼlim oluvchilar va pedagoglarning huquq hamda majburiyatlari, taʼlim tashkilotlarining huquqiy maqomi, taʼlim sifatini baholash, moliyalashtirish va davlat-xususiy munosabatlarga oid normalarni yaxlit huquqiy tizimga birlashtirish taklif etildi.
Bunda Kodeks loyihasini tayyorlash jarayoniga Jamoatchilik kengashi aʼzolari, ekspertlar, olimlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini keng jalb qilish, ularning taklif va mulohazalarini inobatga olish zarurligi taʼkidlandi. Shuningdek, amaldagi qonun va qonunosti hujjatlarini xatlovdan oʻtkazib, eskirgan yoki takrorlanuvchi normalarni bartaraf etish masalasi ilgari surildi.
Davra suhbatida kasbiy taʼlimni mehnat bozori ehtiyojlari bilan uygʻunlashtirish, dual taʼlimni kengaytirish, malakani mustaqil baholash va tan olish tizimini takomillashtirish, ish beruvchilarning taʼlim jarayonidagi ishtirokini kuchaytirish zarurligi ham qayd etildi.
Pedagoglarning huquqiy maqomi va ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, kasbiy rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash, taʼlim sifatini mustaqil va xolis baholash, iqtidorli yoshlar hamda inklyuziv taʼlim uchun zarur sharoitlarni kengaytirish boʻyicha takliflar bildirildi.
Yakunida Taʼlim kodeksini ishlab chiqish, taʼlim sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish, kasbiy taʼlimni mehnat bozori bilan uygʻunlashtirish hamda taʼlim sifati va pedagoglar faoliyatiga oid mexanizmlarni takomillashtirish boʻyicha takliflar shakllantirildi.
Mazkur vazifalarning amalga oshirilishi Qonunchilik palatasining masʼul qoʻmitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar, Jamoatchilik kengashi hamda ekspertlar bilan hamkorlikda parlament nazoratiga olinishi belgilandi.
