“XAVFSIZ TALABA” PLATFORMASINI JORIY ETISH BO‘YICHA AMALIY ISHLAR BOSHLANDI
2026-09-16 16:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur jarayonda Bosh prokuratura, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan oliy ta’lim tashkilotlarida talaba-yoshlarning xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan mavjud tizim va mexanizmlar o‘rganilmoqda.
O‘rganishlar doirasida Namangan davlat universitetida talabalar xavfsizligini ta’minlash, davomatni nazorat qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ta’lim muassasasida xavfsiz muhitni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinmoqda.
Bugungi kunda universitetda 17 000 nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda. Universitet hududi va o‘quv binolarida 415 ta videokuzatuv kamerasi o‘rnatilgan.
Talabalarning kirish-chiqishini nazorat qilish maqsadida 18 ta turniket hamda 36 ta Face ID qurilmasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, universitet talabalar shaharchalari va talabalar turar joylariga 3 nafar profilaktika inspektori biriktirilgan. Talaba-yoshlar ishtirokida 32 nafar a’zodan iborat “Qalqon” jamoatchilik guruhi ham faoliyat olib bormoqda.
Universitetda xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan mazkur tizimli choralar “Xavfsiz hudud” va “Xavfsiz talaba” tamoyillari asosida amalga oshirilmoqda.









