"Xavfsiz talaba" platformasini joriy etish bo'yicha amaliy ishlar boshlandi
2026-09-16 16:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur jarayon doirasida Bosh prokuratura, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan Andijon davlat universitetida talaba-yoshlar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va salbiy holatlarning oldini olish, davomatni nazorat qilish hamda xavfsiz ta’lim muhitini shakllantirish borasida yo‘lga qo‘yilgan mavjud tizim va mexanizmlar o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida universitet hududida xavfsizlikni ta’minlash holati, o‘quv binolari va talabalar turar joylarida olib borilayotgan profilaktik ishlar, videokuzatuv tizimlarining samaradorligi, talabalarning kirish-chiqishini nazorat qilish mexanizmlari hamda mas’ul xodimlar faoliyati atroflicha tahlil qilindi.
Bugungi kunda Andijon davlat universitetida 16 ming nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. Ularning xavfsizligini ta’minlash, ta’lim olishi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish maqsadida universitetning o‘quv binolari va hududlarida zamonaviy videokuzatuv tizimlari joriy etilgan bo‘lib, xavfsizlik infratuzilmasini yanada takomillashtirish va mavjud tizimlarning samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, talabalarning universitet hududiga kirib-chiqishini tartibli nazorat qilish, begona shaxslarning hududga kirishining oldini olish hamda xavfsizlik darajasini yanada oshirish maqsadida turniket va Face ID qurilmalarini joriy etish ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, mazkur tizimlarni qisqa muddatlarda ishga tushirish choralari ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, talaba-yoshlarning o‘zini o‘zi boshqarish va jamoatchilik nazoratidagi ishtirokini kengaytirish, universitetda xavfsiz muhitni mustahkamlash hamda turli salbiy holatlarning barvaqt oldini olish maqsadida “Qalqon” jamoatchilik guruhi faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilgan.
O‘rganishlar yakunlari asosida universitetda talaba-yoshlar xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish, mavjud mexanizmlarni “Xavfsiz hudud” va “Xavfsiz talaba” tamoyillari asosida takomillashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish hamda profilaktik ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Andijon davlat universitetida talaba-yoshlar uchun xavfsiz, qulay va sog‘lom ta’lim muhitini yaratish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar bundan buyon ham davom ettiriladi.









