“XAVFSIZ TALABA” PLATFORMASINI JORIY ETISH BO‘YICHA AMALIY ISHLAR BOSHLANDI
2026-09-16 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur jarayon doirasida Bosh prokuratura, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan Andijon davlat pedagogika institutida talaba-yoshlar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va turli salbiy holatlarning oldini olish, davomatni nazorat qilish hamda xavfsiz ta’lim muhitini shakllantirish borasida yo‘lga qo‘yilgan mavjud tizim va mexanizmlar o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida institut hududida xavfsizlikni ta’minlash holati, o‘quv binolari va talabalar turar joylarida olib borilayotgan profilaktik ishlar, videokuzatuv tizimlarining samaradorligi, talabalarning kirish-chiqishini nazorat qilish mexanizmlari hamda bu borada mas’ul xodimlar faoliyati atroflicha tahlil qilindi.
Bugungi kunda Andijon davlat pedagogika institutida 12 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. Talaba-yoshlarning xavfsizligini ta’minlash, ular uchun qulay, osoyishta va xavfsiz ta’lim muhitini yaratish maqsadida institutning o‘quv binolari, talabalar turar joylari va tegishli hududlarida zamonaviy videokuzatuv tizimlari joriy etilgan. Ayni paytda xavfsizlik infratuzilmasini yanada takomillashtirish hamda mavjud tizimlar samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Shuningdek, talabalarning institut hududiga kirib-chiqishini tartibli nazorat qilish, begona shaxslarning hududga kirishining oldini olish hamda xavfsizlik darajasini yanada oshirish maqsadida turniket va Face ID qurilmalarini joriy etish rejalashtirilgan. Mazkur zamonaviy nazorat tizimlarini qisqa muddatlarda ishga tushirish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Talaba-yoshlarning o‘zini o‘zi boshqarish va jamoatchilik nazoratidagi ishtirokini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, institutda xavfsiz muhitni mustahkamlash, jamoat tartibini saqlashga ko‘maklashish hamda turli salbiy holatlarning barvaqt oldini olish maqsadida “Qalqon” jamoatchilik guruhi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
O‘rganishlar yakunlari asosida Andijon davlat pedagogika institutida talaba-yoshlar xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish, mavjud mexanizmlarni “Xavfsiz hudud” va “Xavfsiz talaba” tamoyillari asosida rivojlantirish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish hamda profilaktik tadbirlar ta’sirchanligini oshirishga qaratilgan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Mazkur sa’y-harakatlar institutda har bir talaba uchun xavfsiz, barqaror va zamonaviy ta’lim muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.









