AKADEMIK JO‘RA ABDULLAYEV: TEMIR YO‘L ISHCHISIDAN KOSMOSGACHA
2026-09-15 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Video
Bugun biz internetdan bir necha soniyada foydalanamiz. Telefonda video ko‘ramiz, dunyoning istalgan nuqtasi bilan videoqo‘ng‘iroq qilamiz, katta hajmdagi ma’lumotlarni bir zumda yuboramiz.
Ammo bu texnologiyalar qayerdan boshlangan?
Uning ilk poydevorlarini qo‘ygan o‘zbek olimlaridan biri — akademik Jo‘ra Abdullayevich Abdullayev.
Jo‘ra Abdullayev 1927-yilda Toshkentda tug‘ilgan.
U faoliyatini laboratoriyada yoki universitetda emas, 1944-yili 17 yoshida temir yo‘lda parovoz o‘t yoquvchisi bo‘lib boshlagan.
1948-yilda O‘rta Osiyo politexnika institutiga o‘qishga kirdi va 1953-yilda energetika fakultetini tamomladi.
Shundan keyin uning hayotida yana bir bosqich boshlandi — ilm-fan. Avtomatika, axborotni qayta ishlash, telemexanika, raqamli texnika va aloqa tizimlari...
Bugun biz uchun oddiydek tuyuladigan texnologiyalar o‘sha davrda hali yangi ilmiy yo‘nalishlar edi. Jo‘ra Abdullayev esa aynan shu sohalarda tadqiqot olib bordi.
Jo‘ra Abdullayev faqat aloqa tizimlari bilan shug‘ullanmagan. Uning ilmiy rahbarligida kosmik tadqiqotlar dasturlari uchun axborotni qayta ishlash texnologiyalari ishlab chiqilgan.
Jumladan, kosmik apparatlarning harakatini yerda turib kuzatishda televizion tasvirdan foydalanish va maxsus avtomatik qurilmalar yordamida ularning o‘zaro harakat parametrlarini aniqlash usullari ishlab chiqilgan.
Oddiy qilib aytganda: kosmosdagi obyekt tasvirga olinadi, tasvir qayta ishlanadi, maxsus avtomatik qurilmalar esa shu tasvir asosida kosmik apparatning harakatini aniqlashga yordam beradi.
Bugun bu oddiydek tuyulishi mumkin. Lekin bu ishlar kompyuterlar hozirgidek kuchli bo‘lmagan davrda amalga oshirilgan.
Uning kosmik tadqiqotlarga qo‘shgan hissasi e’tirof etilgan va olim Yuriy Gagarin hamda akademik Sergey Korolyov nomidagi medallar bilan taqdirlangan.
1986 yilda Toshkentda Markaziy Osiyoda birinchi tolali-optik aloqa liniyasi yaratilgan. Shuningdek, liniyaning samaradorligi va ishonchliligini oshirishga doir nazariy masalalar ham ishlab chiqilgan.
Tolali-optik aloqa — ma’lumotlarni yorug‘lik signallari orqali uzatish texnologiyasi bo‘lib, bugungi yuqori tezlikdagi internet va zamonaviy aloqa tarmoqlarida ham optik tolalardan keng foydalaniladi.
Oddiy qilib aytganda, juda ingichka shisha tola ichida yorug‘lik impulslari harakatlanadi va shu orqali katta hajmdagi ma’lumot uzatiladi.
Bugungi tezkor internet; videoqo‘ng‘iroqlar; YouTube; bulutli texnologiyalar; onlayn ta’lim; katta hajmdagi ma’lumotlar almashinuvi kabi texnologiyalar uchun optik aloqa juda muhim infratuzilma hisoblanadi.
E’tiborlisi, bu texnologiya O‘zbekistonda internet ommalashishidan ancha oldin, 1980-yillardayoq rivojlantirilgan. Jo‘ra Abdullayev ana shu yo‘nalishni rivojlantirgan
Jo‘ra Abdullayev 1970–1980-yillardayoq raqamli qurilmalar; ma’lumotlarni uzatish; axborotni qayta ishlash; mikroprotsessor texnikasi; lokal kompyuter tarmoqlari; avtomatik boshqaruv; telekommunikatsiya tizimlarikabi yo‘nalishlar bilan shug‘ullangan.
Ular hali smartfon nima ekanini tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan davrda raqamli texnologiyalarning kelajagini o‘rgana boshlagan olimlar avlodi edi.
Jo‘ra Abdullayevning ilmiy merosi ham salmoqli:
250+ — ilmiy ishlar
9 — monografiya va o‘quv qo‘llanmalar
40+ — ixtiro va patentlar
Uning ilmiy rahbarligida fan doktorlari va o‘nlab fan nomzodlari tayyorlangan.
1989 yilda u O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi etib saylangan.
Jo‘ra Abdullayevning faoliyati faqat laboratoriya bilan cheklanmagan.
U Toshkent elektrotexnika aloqa instituti rektori bo‘lgan. Keyin O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri lavozimida ishlagan. 1994–1995 yillarda esa O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti vazifasini bajargan.
