Andijondagi oliy ta’lim tashkilotlarida dual ta’lim jarayonlari o‘rganildi
2026-09-14 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Dastlab, “Chinobod Real Biznes” korxonasida Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutining Ipakchilik va tutchilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash fakulteti Zooinjeneriya ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun tashkil etilayotgan dual ta’lim jarayonlari bilan tanishildi.
So‘ng, “Andijon Jinlun” korxonasi va “Cambel” elektrobus zavodida Andijon davlat texnika instituti talabalarining uchun tashkil etilgan dual ta’lim jarayonlari, ularning amaliy mashg‘ulotlarda ishtiroki, ishlab chiqarish jarayonining ta’lim bilan uyg‘unligi hamda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada kuchaytirish, talabalarni amaliyotga yo‘naltirish hamda zamonaviy ishlab chiqarish talablari asosida malakali mutaxassislar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Hozirda Andijon davlat texnika institutining 3- va 4-bosqich talabalari viloyatdagi 30 dan ortiq yirik korxona va tashkilotlarda o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha amaliy tajriba orttirmoqda. Eng muhimi, ular ta’lim olish bilan birga ishlab, oyiga 7 million so‘mgacha daromad topmoqda.
Dual ta’lim tizimi talabalarga auditoriyada olgan nazariy bilimlarini bevosita ishlab chiqarish jarayonida mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmalarini egallash, o‘z mehnati orqali daromad topish hamda kelgusida mehnat bozoriga tayyor mutaxassis sifatida kirib borish imkonini bermoqda.






