Toshkent texnologiyalar universiteti: yangi avlod muhandislari tayyorlanadi
2026-09-12 15:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Prezident Shavkat Mirziyoev tashrifi davomida universitetda yaratilgan sharoitlar, taʼlim dasturlari va xalqaro hamkorlik loyihalari bilan tanishdi. Universitet 2025-yil 8 sentyabrdagi Prezident qarori asosida tashkil etilgan. Loyiha uchun 69,5 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, bino zamonaviy laboratoriya va oʻquv jihozlari bilan toʻliq qayta jihozlandi.
Taʼlim dasturlari sanoat va mehnat bozori ehtiyojlaridan kelib chiqib shakllantirilgan. Buning uchun xalqaro konsalting kompaniyasi bilan 10-yillik muhandislik kadrlariga boʻlgan talab oʻrganilgan. Italiya, Xitoy va Germaniyaning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, talabalar uchun 2+2 va qoʻshma diplom dasturlarini tashkil etish imkoniyatlari yaratilmoqda.
Universitet taʼlimni amaliyot bilan uygʻunlashtirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Oʻndan ortiq yirik sanoat korxonasi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, talabalar ikkinchi kursdan boshlab amaliyot va dual taʼlimda ishtirok etishi mumkin. Darslarga xorijiy universitetlarning professorlari va yuqori malakali mutaxassislari jalb etilmoqda.
2026/2027 oʻquv yilida universitetga 1 654 nafar abituriyentdan 400 nafari qabul qilindi. Ilk talabalarning barchasi 100 foiz davlat granti asosida tahsil oladi. Ushbu imtiyoz 2029/2030 oʻquv yiliga qadar qabul qilinuvchilar uchun ham saqlanishi belgilangan.
Prezident talabalar bilan muloqotda zamonaviy bilimlarni egallash, doimiy izlanish va oʻz ustida ishlash muhimligini taʼkidladi. Universitetda sunʼiy intellekt, zamonaviy laboratoriyalar, ilmiy tadqiqotlar va amaliy loyihalarga alohida eʼtibor qaratiladi.
Toshkent texnologiyalar universiteti oʻz oldiga xalqaro miqyosda raqobatbardosh taʼlim muassasasiga aylanish, kuchli ilmiy maktab yaratish va 2030-yilga qadar dunyoning eng yaxshi 300 ta texnika universiteti qatoriga kirish maqsadini qoʻygan. Taʼlim jarayonini toʻliq ingliz tilida tashkil etish va yetakchi xorijiy mutaxassislarni jalb qilish ham strategiyaning muhim yoʻnalishlaridan.
Shu tariqa, yangi universitet nafaqat muhandis kadrlar tayyorlash, balki sanoat uchun yangi texnologiyalar, innovatsion yechimlar va amaliy loyihalar yaratishga qodir mutaxassislarni shakllantirishga xizmat qiladi.
