“Yoshlik” talabalar shaharchasida yangi boshqaruv modeli yaratilmoqda
2026-09-12 15:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Bu yerda Yoshlar ishlari agentligining tuman boʻlimi hamda Xotin-qizlar tadbirkorligi markazi faoliyat yuritmoqda. Shu orqali talabalarning ijtimoiy masalalari, bandligi, tadbirkorlik tashabbuslari, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan ishlash kabi yoʻnalishlar qamrab olinadi.
Yangi boshqaruv modeli talabalar shaharchasini oddiy hududiy boshqaruv obyekti sifatida emas, balki minglab yoshlar yashaydigan, taʼlim oladigan va oʻz salohiyatini roʻyobga chiqaradigan yaxlit muhit sifatida boshqarishga qaratilgan.
Tizimda talabalarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlikni rivojlantirish, sport va boshqa infratuzilmalardan samarali foydalanish, iqtidor va tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga ham alohida masʼullar belgilangan.
Ayni jarayonlarning muhim qismi raqamlashtirish bilan bogʻliq. Talabalarning yotoqxonaga kirish-chiqishi, davomati, yutuqlari, taʼlim muassasasi bilan bogʻliq muammolari va murojaatlari haqidagi maʼlumotlar yagona tizimda jamlanmoqda.
Shuningdek, talabalarning kutubxona, sport inshootlari va boshqa infratuzilmalardan foydalanishini yengillashtirish maqsadida yagona imtiyozli kartalar tizimini joriy etish nazarda tutilgan.
Raqamli tizimning asosiy vazifalaridan biri — muammoni faqat qayd etish emas, balki uni oʻz vaqtida masʼullarga yetkazish va yechimini nazorat qilish. Bu esa talabalar bilan ishlashda tezkorlik va manzilli yondashuvni taʼminlaydi.
Bunday yondashuv “inson qadri” tamoyilining taʼlim muhitidagi amaliy ifodasi sifatida namoyon boʻlmoqda. Chunki talabaning xavfsizligi, taʼlimi, ijtimoiy holati, bandligi va boʻsh vaqti bir-biridan alohida emas, balki yagona tizim sifatida koʻrib chiqilmoqda.
Shu maʼnoda, “Yoshlik” talabalar shaharchasida yaratilayotgan boshqaruv modeli — xavfsizlikni taʼminlash bilan cheklanmaydigan, talabaning kundalik hayoti va kelajagiga daxldor masalalarni yagona tizim asosida hal etishga qaratilgan yangi yondashuvdir.
