Oliy taʼlim tarixi muzeyi: kecha, bugun va kelajak bir makonda
2026-09-12 14:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Muzeyda yurtimizda oliy taʼlim tizimining shakllanish va rivojlanish bosqichlari aks ettirilgan. Ekspozitsiya Turkiston xalq universitetidan boshlanib, mustaqillik yillaridagi taʼlim tizimi hamda soʻnggi oʻn yillikda amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlarni qamrab olgan.
Muzeydagi raqamlar oliy taʼlim tizimida soʻnggi yillarda yuz bergan oʻzgarishlar koʻlamini yaqqol koʻrsatadi. Jumladan, 1991-yilda mamlakatimizda 52 ta oliy taʼlim muassasasi mavjud boʻlgan boʻlsa, 2016-yilga kelib ularning soni 70 taga yetgan. Bugungi kunda esa yurtimizda 205 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritmoqda.
Bu koʻrsatkichlar oliy taʼlimni transformatsiya qilish boʻyicha belgilangan maqsadlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganini koʻrsatadi.
Oliy taʼlim tarixi muzeyining tashkil etilishi ham ana shu jarayonning muhim qismi sifatida baholanmoqda. Muzey nafaqat tarixiy maʼlumotlarni saqlash, balki yosh avlodga taʼlim tizimining kechagi va bugungi holatini qiyosiy anglash imkonini beruvchi ochiq taʼlimiy makon vazifasini bajaradi.
Ekspozitsiyalarda turli davrlarda yoshlarga taʼlim olish uchun yaratilgan sharoitlar, oliy taʼlim tizimining rivojlanish bosqichlari va bugungi imkoniyatlar oʻzaro taqqoslangan holda namoyon etilgan.
Bunday yondashuv, avvalo, yoshlarning oʻz tarixini bilishi, taʼlim sohasidagi oʻzgarishlarni anglashi va bugungi imkoniyatlarni qadrlashi uchun muhim. Zero, muzey — bu faqat eksponatlar jamlanmasi emas, balki oʻtmish va bugunni bogʻlaydigan, insonni mushohada va tahlilga undaydigan jonli taʼlim manbasidir.
Oliy taʼlim tarixi muzeyi shu maʼnoda tizimning bosib oʻtgan yoʻlini, bugungi natijalarini va kelgusi taraqqiyot yoʻnalishlarini bir makonda namoyon etadi.
