«Startap navigator» — yoshlarning innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash uchun yangi platforma
2026-09-12 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Hokimlik binosida tashkil etilgan mazkur ofis talabalarning innovatsion gʻoyalarini saralash, ularni rivojlantirish va davlat tomonidan eʼlon qilinayotgan tanlov hamda akseleratsiya dasturlariga yoʻnaltirishga xizmat qiladi.
«Startap navigator» talabalar shaharchasida ilk bor yoʻlga qoʻyilmoqda. Uning asosiy vazifasi — yoshlarning gʻoyasidan tortib, tayyor startap loyihasigacha boʻlgan jarayonda ularga mos imkoniyat va dasturlarni topishga koʻmaklashish.
Bugun oliy taʼlim muassasalari va yoshlar tomonidan turli yoʻnalishlarda minglab startap loyihalar amalga oshirilmoqda. Taqdimotda keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, 2026-yilda oliygohlar va yoshlar tomonidan 47 mingdan ortiq startap loyihalari hamda innovatsion ishlanmalar amalga oshirilmoqda.
Loyihalarning tayyorlik darajasi ham turlicha: ayrim yoshlarda faqat gʻoya mavjud boʻlsa, boshqalari tayyor mahsulot yoki startapga ega. «Startap navigator» ana shu farqni inobatga olgan holda, yoshlarni oʻz loyihasining rivojlanish darajasiga mos tanlov va dasturlarga yoʻnaltirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, platforma respublikada startaplar uchun yaratilgan imkoniyatlarni yagona manbada jamlashga xizmat qiladi. Natijada yoshlar davlat grantlari, tanlovlar, akseleratsiya dasturlari va boshqa qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari haqida toʻliq maʼlumot olish imkoniyatiga ega boʻladi.
Yangi tizimning yana bir muhim jihati — monitoring. Endi nafaqat startap loyihalarining egalarini kuzatib borish, balki respublika miqyosida amalga oshirilayotgan tanlov va dasturlarning samaradorligini ham tahlil qilish imkoniyati paydo boʻladi.
Bu esa qaysi dasturlar yoshlar uchun koʻproq natija berayotganini aniqlash, qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish va startap ekotizimini yanada rivojlantirish uchun asos boʻladi.
Shu tariqa, «Startap navigator» yoshlarning innovatsion gʻoyalarini aniqlashdan tortib, ularni zarur dastur va imkoniyatlarga yoʻnaltirish hamda keyingi natijalarini monitoring qilishgacha boʻlgan yagona tizimni shakllantirishga qaratilgan.
