Jizzaxda “Kelajak tadbirkori–2026” mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi
2026-09-10 17:50:00 / Vazirlik yangiliklari
Bugun, 10-sentabr kuni Jizzax shahridagi Yoshlar shaharchasida yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Kelajak tadbirkori–2026” kasb, bandlik va tadbirkorlik imkoniyatlari yarmarkasi o‘tkazildi.

Yarmarkada yoshlar va ishsiz fuqarolar uchun bo‘sh ish o‘rinlari, amaliyot imkoniyatlari, tadbirkorlik faoliyatini boshlash va rivojlantirish hamda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbirda viloyatdagi oliy ta’lim tashkilotlari ham faol ishtirok etib, o‘zlarining ta’lim yo‘nalishlari, innovatsion loyihalari, startaplari va boshqa imkoniyatlarini ko‘rgazma orqali namoyish etdilar.
Shuningdek, texnikumlarning 5 ming nafarga yaqin o‘quvchilari ishtirok etgan yarmarkada yoshlar ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilib, o‘zlarini qiziqtirgan kasblar hamda kelgusidagi faoliyati uchun muhim imkoniyatlar haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.









