Talaba uchun yana-da qulay muhit: TATUda “Yagona xizmatlar va imkoniyatlar markazi” ochildi
2026-09-09 20:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Ayubxon Sultonov, soha korxonalari rahbarlari, universitet jamoasi, hamda talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan mutasaddilar Yangi Oʻzbekistonda yoshlarga qaratilayotgan yuksak eʼtibor, ularning sifatli taʼlim olishi va zamonaviy bilimlarni egallashi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarga alohida toʻxtaldilar.
Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlarga bildirilayotgan ishonch — ularga yuklatilayotgan yuksak masʼuliyatdir. Shu bois talabalarga munosib taʼlim muhitini yaratish, ularning vaqtini qadrlash va universitet xizmatlaridan foydalanishni qulaylashtirish muhim vazifalardan biridir.
Aynan shu maqsadda tashkil etilgan Yagona xizmatlar va imkoniyatlar markazi talabaning vaqtini tejash, ortiqcha ovoragarchilik va qogʻozbozlikni kamaytirish hamda universitet xizmatlaridan tezkor foydalanish imkonini beradi.
🔝 Markazda jami 101 ta xizmat yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ularning 70 foizi raqamlashtirilgan. Bu esa xizmatlardan foydalanish jarayonini yanada tezkor va qulay tashkil etish imkonini bermoqda.
📈 Markaz faoliyatiga boʻlgan ehtiyojni murojaatlar soni ham koʻrsatib turibdi. Oʻtgan oʻquv yili davomida markazga qariyb 32 mingta murojaat kelib tushgan. 2026/2027-oʻquv yilida esa ushbu koʻrsatkich 45 mingdan oshishi kutilmoqda. Bu esa talabalar uchun yagona va qulay xizmat koʻrsatish tizimini rivojlantirishning naqadar muhim ekanini koʻrsatadi.
🤗 Shu bilan birga, markaz tasarrufida “Ona va bola” hududi ham tashkil etildi. Bu esa universitetda talaba-yoshlar, xususan, qizlar va ayollar uchun ham qulay sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilayotganining amaliy ifodasidir.
Bugun IT sohasida oʻz oʻrnini topishga intilayotgan qizlar safi kengayib borayotgan bir paytda, ular uchun zarur sharoitlarni yaratish ham muhim vazifalardan biridir.









