Toshkentda N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filialida yangi oʻquv yili boshlandi
2026-09-07 17:35:00 / Vazirlik yangiliklari

Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri, filial Vasiylik kengashi raisi Qoʻngʻirotboy Sharipov, N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti rektori Mixail Gordin, Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Aleksey Yerxov, Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadritdin Turobjonov, filial rahbariyati, Vasiylik kengashi aʼzolari, faxriy mehmonlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda talabalar ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov oʻz nutqida Toshkent shahrida N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filialining ochilishi mamlakatimiz oliy taʼlim tizimi uchun muhim voqea ekanini taʼkidladi. Qayd etilganidek, mazkur filialning tashkil etilishi Oʻzbekiston va Rossiya rahbarlari oʻrtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ifodasi boʻlib, mamlakatimizda muhandislar, texnika yoʻnalishida tadqiqotlar olib boradigan olimlar va texnologik yetakchilarning yangi avlodini shakllantirishga qaratilgan keng koʻlamli davlat siyosati bilan hamohangdir.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda oliy taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar tizimida keng koʻlamli oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda 200 dan ortiq oliy taʼlim tashkiloti, jumladan, koʻplab xorijiy universitetlar va ularning filiallari faoliyat yuritmoqda. Bu jarayonda muhandislik taʼlimi alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maʼnoda, N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filialining Toshkent shahrida tashkil etilishi muhim ahamiyatga ega. Bauman universiteti deyarli ikki asrlik tarixi davomida fundamental bilim, yuqori talabchanlik, amaliy tayyorgarlik hamda ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikka asoslangan muhandislik maktabini shakllantirib kelmoqda.
Filial tashkil etilishidan avval Toshkent davlat texnika universiteti va Bauman universiteti oʻrtasida qoʻshma taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bugungi kunda ikki taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 30 nafar talaba tahsil olmoqda. Ushbu hamkorlik ikki universitetning ilmiy va akademik salohiyatini birlashtirish boʻyicha ilk muvaffaqiyatli tajribani yaratdi.
Toshkent shahridagi filial Bauman universitetining Rossiya Federatsiyasidan tashqaridagi 15-filiali sifatida oʻz faoliyatini boshladi. Ayniqsa, filialning ilk talabalari sifatida 40 nafardan ortiq nafar yoshning qabul qilingani muhim ahamiyat kasb etadi. Ular Oʻzbekistonda Bauman muhandislik maktabining birinchi avlod vakillari sifatida tarixga kirmoqda.
Taʼkidlanganidek, filial faoliyati faqat yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash bilan cheklanmaydi. U yerda zamonaviy taʼlim dasturlari, ilmiy laboratoriyalar va tadqiqot jamoalarini shakllantirish, talabalarni olimlar hamda sanoat korxonalari muhandislari bilan hamkorlikda ishlashga jalb etish koʻzda tutilgan.
Ilmiy tadqiqotlar natijasi texnologiya, tajriba namunasi, patent, startap yoki iqtisodiyot uchun aniq yechimlarga aylanishi lozimligi qayd etildi. Shuningdek, filial Oʻzbekistonda yangi milliy muhandislik maktabini shakllantirishga xizmat qilishi, yetakchi professorlar bilan birga mahalliy professor-oʻqituvchilar, tadqiqotchilar va yosh olimlarning yangi avlodini tayyorlash uchun muhim maydonga aylanishi belgilandi.
Bunda universitet va sanoat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilandi. Yetakchi sanoat korxonalari taʼlim jarayonida ishtirok etishi, muhandislik vazifalarini shakllantirishi, talabalarni amaliyotga qabul qilishi, qoʻshma laboratoriyalar tashkil etishi va istiqbolda bitiruvchilarni ish bilan taʼminlashi koʻzda tutilmoqda.
Tadbirning muhim qismlaridan biri sifatida filialning birinchi bosqich talabalari bilan uchrashuv oʻtkazildi. Yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, chuqur bilim olish, murakkab vazifalardan qoʻrqmaslik, izlanish va yangilik yaratishga intilish zarurligi taʼkidlandi.









