Toshkent xalqaro yarim marafonida 1 636 nafar talaba ishtirok etdi
2026-09-06 14:50:00 / Vazirlik yangiliklari
6-sentabr kuni Toshkent shahrida ommaviy yugurish musobaqasi — Toshkent xalqaro yarim marafoni bo‘lib o‘tdi. Nufuzli sport tadbirida oliy ta’lim tashkilotlaridan jami 1 636 nafar talaba qatnashdi.
Musobaqa doirasida beshta start tashkil etilib, ularda qariyb 24,5 ming nafar ishtirokchi qatnashdi. Qatnashchilarning 53 foizga yaqinini ayollar tashkil etdi.
Yarim marafonda 50 mamlakatdan 2 mingdan ziyod xorijiy ishtirokchi, jumladan, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning 20 dan ortiq vakili qatnashdi. Shuningdek, 3,5 mingdan ziyod korporativ ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tdi.
Inklyuziv sportni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilib, maxsus startlarda qariyb 600 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Musobaqada ishtirok etgan talabalar uchun xavfsizlikni ta’minlash va tashkiliy masalalar oliy ta’lim tashkilotlari hamda tegishli xizmatlar hamkorligida yo‘lga qo‘yildi.
Tadbirda elektron xronometraj uchun TimingSense, masofani onlayn kuzatish uchun esa ProRun Live tizimlaridan foydalanildi.
Toshkent xalqaro yarim marafoni yoshlarni ommaviy sportga jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda sport madaniyatini rivojlantirishga xizmat qildi.
