Samarqandda Yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasi boshlandi
2026-09-04 17:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Dunyoning turli mamlakatlaridan xalqaro vakillar va yosh parlamentariylar ishtirok etayotgan nufuzli anjumanda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘ktam Salomov, shuningdek, bir qator oliy taʼlim muassasalari rektorlari ham ishtirok etdi.
Konferensiya avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbir qatnashchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Shundan so‘ng Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva anjumanni kirish so‘zi bilan ochib, ishtirokchilarni qutladi.
Ochiq muloqot va qizg‘in muhokamalarga boy tadbirda raqamli dunyoda yoshlar huquqlari, munosib mehnat va iqtisodiy imkoniyatlar, iqlim o‘zgarishi hamda siyosiy jarayonlarda yoshlarning o‘rni va ishtiroki kabi muhim masalalar keng muhokama qilinmoqda.
Mazkur nufuzli xalqaro tadbirga Samarqand davlat chet tillar institutining magistrant va talabalaridan iborat 168 nafar ko‘ngilli tarjimon jalb etilgan.
Yosh volontyorlar konferensiya ishtirokchilari o‘rtasidagi samarali muloqotni taʼminlash, xalqaro mehmonlarga hamrohlik qilish hamda tadbirning yuqori saviyada tashkil etilishiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasi joriy yilning 6-sentabr kuni o‘z ishini yakunlaydi.






