RASMIY MUNOSABAT
2026-08-20 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, ayrim toifadagi abituriyentlar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar umumiy tanlov doirasidagi davlat granti oʻrinlari hisobiga emas, balki ular uchun belgilangan alohida qabul parametrlari va qoʻshimcha davlat granti oʻrinlari doirasida amalga oshiriladi.
Yaʼni, umumiy tanlovda ishtirok etayotgan yuqori ball toʻplagan abituriyentning oʻrni imtiyozli toifadagi abituriyent tomonidan egallanmaydi. Umumiy tanlov ishtirokchilari belgilangan umumiy qabul parametrlari doirasida, imtiyozli toifalar esa qonunchilikda belgilangan alohida tartib va kvotalar asosida tanlovda ishtirok etadi.
Shu bilan birga, soʻnggi yillarda oliy taʼlim muassasalari tarmogʻining, jumladan, nodavlat va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari sonining kengayishi oliy taʼlim olish imkoniyatlarini sezilarli oshirdi. Qabul jarayonlari yakunlariga koʻra mavjud vakant oʻrinlar uchun belgilangan tartibda qoʻshimcha tanlovlar tashkil etilishi ham abituriyentlarga oliy taʼlim olish uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratadi.
Shu bois, umumiy tanlov asosidagi qabul bilan qonunchilikda belgilangan alohida toifalar uchun nazarda tutilgan imtiyozli qabul mexanizmlarini oʻzaro aralashtirmaslik lozim. Qabul jarayonlari belgilangan tartibda, ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillari asosida amalga oshiriladi.
