RASMIY MUNOSABAT
2026-08-25 14:00:00 / Rasmiy munosabat

Ma’lum qilamizki, mazkur obyektning ommaviy savdolarga chiqarilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi “2025-yil uchun xususiylashtirish dasturi toʻgʻrisida”gi PF–70-son Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirilmoqda. Xususan, Farmonning 2-ilovasida keltirilgan “Ommaviy savdolarga chiqariladigan davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarning koʻchmas mulk obyektlari roʻyxati”ga universitetning mazkur binosi ham kiritilgan.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu qaror orqali universitet talabalarining yashash sharoitini qiyinlashtirish yoki talabalar turar joylari sonini kamaytirish maqsad qilinmagan.
Ayni paytda Yangi Toshkent hududida universitetning zamonaviy oʻquv binolari majmuasi hamda 5 ming oʻrinli yangi talabalar turar joyi qurilishi jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Natijada talabalarni zamonaviy, qulay va barcha zarur infratuzilmaga ega yashash joylari bilan ta’minlash, ta’lim va yashash joyini bir joyda jamlash imkoniyatlarini yanada kengaytiriladi.
Shu munosabat bilan, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va blogerlardan holatga xolisona yondashish, rasmiy manbalarga tayangan holda xulosa chiqarish hamda jamoatchilikni chalgʻituvchi asossiz ma’lumotlarni tarqatmasliklarini soʻraymiz.
Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti talabalarning ta’lim olishi va yashashi uchun munosib sharoitlarni yaratish masalasini oʻz faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida faoliyatini davom ettiradi.
