Hindiston Bosh vaziri poytaxtimizdagi hindshunoslik ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi
2026-08-30 20:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Tashrif davomida markazning Hindiston tarixi, falsafasi, tili va ijtimoiy-siyosiy tafakkurini o‘rganish borasidagi faoliyati tanishtirildi. Shu o‘rinda ta’kidlash lozim, bu yerda faoliyat yuritayotgan “Hindi Speaking Club” talabalarning hind tilida erkin muloqot qilishi, munozaralar olib borishi va amaliy ko‘nikmalarini boyitishida muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
E’tiborlisi, markazda muntazam ravishda xalqaro konferensiya, seminar va xorijiy olimlarning ma’ruzalari tashkil etilib, ikki davlat oliy ta’lim hamda ilmiy muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilgani qayd etildi.
Hindiston delegatsiyasi O‘zbekistonda hind tili va madaniyatini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish yuqori ekanini e’tirof etdi. Bu kabi dargohlar ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy va ma’naviy ko‘prikni yanada mustahkamlash hamda akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyatga egaligi aytildi.
Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi Faxriy mehmonlar kitobiga samimiy tilaklarini yozib qoldirdi. Muloqot yakunida esa professor-o‘qituvchilar, hindshunos olim va tadqiqotchilar hamda talabalar bilan suratga tushdi.




