Qirg‘izistonlik pedagoglar Toshkentdagi Vebster universitetida malaka oshirdi
2026-08-19 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur kurs O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 30-iyuldagi Qirg‘iziston Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi ijrosidagi ilk amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.
“From Theory to Classroom” nomi ostida tashkil etilgan malaka oshirish dasturi akademik maqsadlar uchun ingliz tili (EAP), maxsus maqsadlar uchun ingliz tili (ESP), darslarni rejalashtirish, baholash metodikasi, zamonaviy ta’lim texnologiyalari hamda o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishi kabi yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Mashg‘ulotlar Vebster universiteti MA TESOL dasturi dotsentlari Dilafruz Abdumajidova hamda Go‘zal Ergasheva tomonidan olib borildi. Trening davomida ishtirokchilar videobloglar, ijtimoiy tarmoq kontenti va keyslarga asoslangan o‘quv materiallari bilan ishlash, baholash mezonlarini ishlab chiqish hamda MagicSchool, Curipod, Diffit va Eduaide kabi sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egalladilar
Kurs davomida tinglovchilar o‘zlarining kasbiy portfoliolarini ishlab chiqib, yakuniy mashg‘ulotda taqdim etdilar. Shuningdek, ular Vebster universitetining o‘quv jarayoni, moddiy-texnik bazasi va kampus faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.
Dastur yakunida barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Hamkorlik doirasida kelgusida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma seminarlar tashkil etish hamda TESOL yo‘nalishida yangi o‘quv modullari va malaka oshirish dasturlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.



