2026/2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim tashkilotlariga qabul natijalari: yakuniy ko‘rsatkichlar va keyingi qadamlar – matbuot anjumani
2026-08-18 12:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Unda 2026/2027-oʻquv yili uchun qabul jarayonlarining yakuniy natijalari, abituriyentlarning test sinovlarida qayd etgan koʻrsatkichlari, taʼlim yoʻnalishlari kesimidagi oʻtish ballari, grant va toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilganlar haqida maʼlumot berildi.
Shuningdek, mandat natijalaridan soʻng abituriyentlar uchun ochiladigan imkoniyatlar, super-kontrakt asosida oʻqish shartlari, talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarning keyingi harakatlari hamda qabul jarayoni bilan bogʻliq dolzarb masalalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Anjuman davomida 1-bosqichga tavsiya etilgan talabalar uchun talabalar turar joyiga joylashish bo‘yicha ariza berish xizmati 18-avgustdan ishga tushirilishi hamda Arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali belgilangan tartibda topshirilishi mumkinligi to‘g‘risida ma'lumot berildi.
Joriy yilda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 677,9 ming nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tdi. Qabul jarayoni “avval test — so‘ng tanlov” tamoyili asosida ikki bosqichda tashkil etildi.
Test sinovlari respublika bo‘yicha 64 ta katta sig‘imli binoda o‘tkazilib, jarayonlar videokuzatuv va onlayn translyatsiya orqali ochiq namoyish etildi. Milliy va xalqaro sertifikatlarga ega qariyb 13 ming nafar, shuningdek, belgilangan imtiyozlarga ega 302 nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi.
Test natijalariga ko‘ra, 389,1 ming nafar abituriyent tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. Ikkinchi bosqichda ularga o‘z natijalaridan kelib chiqib, oliy ta’lim tashkiloti, ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlash imkoniyati berildi.
Matbuot anjumani davomida murojaatlarni tahlil qilish natijalari asosida aholini eng ko‘p qiynayotgan masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash, qabul jarayonlari, diplom, kontrakt to‘lovlari hamda talabalar bilimini baholash bilan bog‘liq murojaatlar asosiy ulushni tashkil etishi qayd etildi.
Shuningdek, vazirlik tomonidan murojaatlar bilan ishlash tizimini yanada raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish, aholi bilan muloqotning yangi shakllarini yo‘lga qo‘yish hamda fuqarolarga yanada tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.









