Oʻzbekiston oliy taʼlimida ingliz tilini oʻqitishni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2026-08-13 07:35:00 / Vazirlik yangiliklari
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Sardor Rajabov EFEKTA Education kompaniyasi katta vitse-prezidenti Benjamin M. Xoup bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimida ingliz tilini oʻqitish sifatini oshirish, taʼlim jarayoniga zamonaviy raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt imkoniyatlarini keng joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Sardor Rajabov bugungi kunda talabalarning xorijiy tillarni, xususan, ingliz tilini puxta egallashi ularning akademik va kasbiy imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Muloqotda taʼlim jarayonini zamonaviy texnologiyalar asosida individuallashtirish, talabalarning bilim va koʻnikmalarini rivojlantirish hamda taʼlim natijadorligini oshirishga qaratilgan yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, EFEKTA Education kompaniyasining sunʼiy intellektga asoslangan taʼlim platformasidan Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimida foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida mazkur yoʻnalishda hamkorlikni davom ettirish, ilgʻor raqamli yechimlarni taʼlim jarayoniga joriy etish va talabalar uchun zamonaviy til oʻrganish imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha hamkorlikda ish olib borishga kelishib olindi.



