Energetika sohasi uchun dual ta’lim tizimi kengaytirilmoqda
2026-08-04 18:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Yigʻilishda elektr tarmoqlaridagi uzilishlar, energiya isteʼmoli balansini samarali yuritish hamda elektr tarmoqlarining yuklamalarni qabul qilish quvvatini toʻgʻri hisoblash kabi dolzarb masalalar muhokama qilinib, ushbu muammolarni tizimli hal etishda zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash ustuvor vazifa ekani taʼkidlandi.
Davlat rahbari topshiriqlariga muvofiq, oliy taʼlim muassasalari oldiga energetika yoʻnalishidagi oʻquv dasturlarini ishlab chiqarish ehtiyojlariga mos ravishda yangilash, talabalarni dual taʼlim tizimiga keng jalb etish hamda quyosh va shamol energetikasi boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash vazifalari belgilandi.
Mazkur yoʻnalishda Toshkent davlat texnika universitetida taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Universitetda yoqilgʻi-energetika sohasi boʻyicha oʻquv rejalari va fan dasturlari tarmoq korxonalari bilan hamkorlikda mehnat bozori talablari asosida muntazam yangilanmoqda.
Shuningdek, dual taʼlim tizimi asosida oʻquv mashgʻulotlarini bevosita ishlab chiqarish korxonalarida tashkil etish mexanizmi yoʻlga qoʻyilgan. Bugungi kunda 50 dan ortiq korxona va tashkilot bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan, universitetning 52 ta kafedrasi filiali ishlab chiqarish korxonalari huzurida faoliyat yuritmoqda.
2025–2026-oʻquv yilining birinchi semestrida dual ta’lim jarayonlariga jami 2 006 nafar talaba jalb etildi. Jumladan, 4-kursning 39 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 1 617 nafar, 3-kursning 8 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 212 nafar, 2-kursning 6 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 90 nafar, shuningdek, magistratura bosqichida 126 nafar magistrant ishlab chiqarish korxonalarida tasdiqlangan jadvallar asosida tahsil oldi.
Universitet rektorining 2026-yil 26-martdagi 01-09-05-232-son buyrugʻi asosida 2025–2026-oʻquv yilida 4-kurs talabalari 100 foiz, 2- va 3-kurs talabalari esa 50 foiz dual taʼlim bilan qamrab olindi.
2026–2027-oʻquv yilidan boshlab ushbu tizim yanada kengaytirilib, universitetning barcha taʼlim yoʻnalishlarida 3-kurs talabalarining 50 foizi va 4-kurs talabalarining 100 foizi dual taʼlim asosida tahsil oladi.
Mazkur chora-tadbirlar talabalarning nazariy bilimlarini real ishlab chiqarish muhiti bilan uygʻunlashtirish, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash koʻnikmalarini shakllantirish hamda korxonalarga tayyor mutaxassislarni yetkazib berish imkonini yaratadi. Ayniqsa, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya samaradorligi, elektr tarmoqlarini raqamli boshqarish, quyosh va shamol energetikasi yoʻnalishlarida malakali muhandislarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Dual taʼlim tizimi oliy taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Toshkent davlat texnika universitetida shakllangan mazkur tajriba Prezident topshiriqlarining samarali ijrosini taʼminlash, energetika sohasidagi dolzarb muammolarga ilmiy va innovatsion yechimlar ishlab chiqish hamda Yangi Oʻzbekiston uchun raqobatbardosh muhandis kadrlarni tayyorlashga xizmat qilmoqda.






