Magistraturada xotin-qizlar uchun yaratilgan imkoniyatlar yuzasidan
2026-08-04 09:20:00 / Rasmiy munosabat

Taʼkidlash joizki, magistraturada tahsil olayotgan xotin-qizlarning kontrakt mablagʻlarini davlat byudjeti hisobidan qoplash ayrim shaxslarga berilgan imtiyoz emas, balki mamlakatimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning sifatli taʼlim olishi, ilmiy salohiyatini yuksaltirish va jamiyatdagi faolligini oshirishga qaratilgan davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Mazkur chora Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjatlari asosida joriy etilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi xotin-qizlarning oliy taʼlim va ilm-fanga keng jalb etilishini taʼminlash, yuqori malakali mutaxassis va olimalar safini kengaytirishdan iborat.
Shu bois ushbu mexanizmni davlat byudjeti mablagʻlarining samarasiz sarflanishi yoki jinslar oʻrtasidagi tengsizlik sifatida talqin qilish asossiz. Aksincha, bu mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish, xotin-qizlarning taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish hamda gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan davlat siyosatining izchil davomidir.
Oʻzbekistonda har bir fuqaro bilim va salohiyatiga muvofiq taʼlim olish huquqiga ega. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xotin-qizlarning oliy taʼlim va ilm-fandagi ishtirokini kengaytirish, ular uchun teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan davlat siyosati ijrosini taʼminlash boʻyicha ishlarni izchil davom ettiradi.
