Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetidagi bitiruv tadbiri yuzasidan rasmiy munosabat
2026-08-01 10:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Universitet tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, oliy taʼlim muassasasida katta sigʻimli konsert zali mavjud emasligi hamda yozgi issiq ob-havo sharoiti inobatga olinib, bitiruv tadbirini yopiq binoda oʻtkazish maqsadida Kasaba uyushmalari federatsiyasi saroyi tanlangan.
Maʼlum qilinishicha, tadbirni tashkiliy jihatdan oʻtkazish boʻyicha tashabbus talabalar tomonidan bildirilgan boʻlib, uni tayyorlash jarayonlarida bitiruvchilar ishtirok etgan.
Shuningdek, universitet maʼlumotiga koʻra, tadbir uchun oldindan ishtirokchilar roʻyxati shakllantirilgan. Biroq tadbir kuni roʻyxatda koʻrsatilganlardan tashqari qoʻshimcha fuqarolar ham kelgani sababli zalning sigʻimi belgilangan me’yordan oshib ketgan.
Shu munosabat bilan zal maʼmuriyati xavfsizlik talablariga muvofiq ishtirokchilar sonini cheklash choralarini koʻrgan. Shundan soʻng universitet rahbariyati bitiruvchilar uchun universitet hududida alohida tadbir tashkil etishga qaror qilgan. Viloyatlardan kelgan ota-onalarning joylashuvi ham taʼminlangani ma'lum qilindi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi oliy taʼlim muassasalarida talabalardan har qanday koʻrinishda majburiy mablagʻ yigʻishga yoʻl qoʻyilmasligini qatʼiy maʼlum qiladi. Bunday holatlar aniqlangan taqdirda, masʼullarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar koʻriladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan mazkur tadbirni tashkil etish va u bilan bogʻliq holatlar, jumladan bildirilgan eʼtirozlar xizmat tekshiruvi doirasida oʻrganilmoqda. Oʻrganish davomida barcha holatlarga, shu jumladan tashkiliy va moliyaviy jihatlarga huquqiy baho beriladi.
Vazirlik barcha oliy taʼlim muassasalari rahbarlariga talabalar ishtirokida oʻtkaziladigan tadbirlarni tashkil etishda xavfsizlik talablariga soʻzsiz rioya qilish, tashkiliy jarayonlarni puxta rejalashtirish, talabalar va ota-onalar uchun noqulayliklar yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaslik hamda har qanday tashabbuslarni amaldagi qonunchilik talablari asosida amalga oshirish yuzasidan qatʼiy koʻrsatmalar berdi.
Mazkur holat vazirlik nazoratiga olingan. Xizmat tekshiruvi yakunlari boʻyicha qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar koʻriladi.
Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligi Axborot xizmati
