Buxoroda oʻtkazilgan “Talaba Expo–2026” mehnat yarmarkasi yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratdi
2026-07-22 15:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Buxoro shahrida tashkil etilgan “Talaba Expo–2026” kasb koʻrgazmasi doirasidagi mehnat yarmarkasi yoshlarning bandligini taʼminlash, ularni ish beruvchilar bilan bevosita bogʻlash hamda kasbiy faoliyatini boshlashiga koʻmaklashishga qaratilgan muhim platformaga aylandi.

Yarmarkada 130 ga yaqin korxona va tashkilot ishtirok etib, 1 500 ta boʻsh ish oʻrnini taklif qildi. Tadbirda 10 ming nafardan ortiq talaba qatnashib, ish beruvchilar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qildi, mavjud vakant oʻrinlar, amaliyot dasturlari va ishga joylashish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur mehnat yarmarkasi taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada mustahkamlash, yoshlarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish hamda ularning bandligini taʼminlash borasidagi amaliy va samarali tashabbus sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.
