Yoshlar masalalari – doimiy e’tiborda
2026-07-17 17:15:00 / Vazirlik yangiliklari
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov Sergeli tumanida yoshlarning bandligini ta’minlash, ular o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ijtimoiy faolligini oshirish hamda mavjud muammolarni o‘rganish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Shuningdek, o‘rganish davomida tuman yoshlari bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning bandlik, ta’lim, kasb-hunar o‘rganish, tadbirkorlikni boshlash hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bilan bog‘liq taklif va muammolari tinglandi.

Mahalla fuqarolar yig‘inida yoshlar bilan ishlash tizimi, ularning bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kasb-hunarga yo‘naltirish hamda davlat yoshlar siyosatini hududlarda samarali amalga oshirish borasida olib borilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, mas’ul tashkilotlar ishtirokida hududdagi mavjud muammolar va ularning yechimlari muhokama qilinib, yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, bandlikni ta’minlash, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish hamda idoralararo hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Yakunda Sergeli tumani hokimligida ishsiz yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda yoshlarning murojaat va takliflari tinglanib, ularni ish bilan ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda mavjud muammolarini hal etish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilandi.
Mazkur uchrashuv davlat rahbari tomonidan belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, yoshlar bandligini oshirish va ular uchun munosib shart-sharoitlar yaratish borasidagi ishlar samaradorligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.



