“Rektorlar maktabi” tinglovchilari Harvard universitetida malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar
2026-07-18 09:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur hamkorlik Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi 177-son qarori bilan tashkil etilgan “Rektorlar maktabi” dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Qarorga muvofiq, dasturga har yili qabul qilinadigan 80 nafar tinglovchining eng yuqori natija ko‘rsatgan 40 nafargacha bitiruvchisi Harvard hamda dunyoning boshqa yetakchi oliy ta’lim tashkilotlarida malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Hamkorlik doirasida tinglovchilar universitetlarni strategik boshqarish, akademik liderlik, ta’lim sifatini ta’minlash, ilmiy faoliyatni boshqarish, innovatsiyalarni tijoratlashtirish, universitetlarning xalqaro reytinglardagi raqobatbardoshligini oshirish hamda oliy ta’lim tizimini transformatsiya qilish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganadilar.
Shuningdek, dastur ishtirokchilari Harvard universiteti professorlari va ekspertlari bilan muloqot qilish, zamonaviy boshqaruv yondashuvlari, ta’lim siyosati hamda universitetlar rivojlanishining eng yaxshi amaliyotlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Mazkur kelishuv O‘zbekistonda zamonaviy boshqaruv kompetensiyalariga ega, xalqaro tajribani puxta o‘zlashtirgan va strategik fikrlaydigan universitet rahbarlari zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu esa oliy ta’lim tashkilotlarining institutsional salohiyatini mustahkamlash, ta’lim sifati va boshqaruv samaradorligini oshirish hamda mamlakatimiz oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida izchil rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.



