“Hukumat soati”da oliy ta’lim bitiruvchilarining bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi
2026-07-14 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, ta’lim jarayonlarini mehnat bozori ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish hamda iqtisodiyot tarmoqlari uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada qabul parametrlarini iqtisodiyotning real ehtiyojlariga moslashtirish, ish beruvchilar ishtirokini kengaytirish, raqamli xizmatlarni joriy etish hamda talabalarning zamonaviy kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Vazir qayd etishicha, oliy ta’lim tizimida davlat buyurtmasini shakllantirish mehnat bozori ehtiyojlari, iqtisodiyot tarmoqlari talablari hamda bitiruvchilarning bandlik ko‘rsatkichlari tahlili asosida amalga oshirilmoqda. 2025-yildan boshlab davlat buyurtmasi parametrlari oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan prognoz talabi asosida to‘rt yillik davr uchun tasdiqlandi. Bu esa ta’lim tizimi bilan iqtisodiyot ehtiyojlari o‘rtasidagi mutanosiblikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
2026/2027 o‘quv yili uchun davlat granti asosidagi qabul kvotalari 36 ming 23 tani tashkil etdi. Shuningdek, bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy qabul parametrlari 234 mingdan ortiq etib belgilandi. Qabul parametrlarini belgilashda muhandislik, axborot texnologiyalari, pedagogika va agrar sohalarga bo‘lgan ehtiyojlar ustuvor hisobga olinmoqda.
Oliy ta’lim muassasalarida ish beruvchilar bilan hamkorlikning yangi institutsional mexanizmlari joriy etilmoqda. Jumladan, korxonalarda kafedra filiallari tashkil etilmoqda, oliy ta’lim muassasalari huzurida hamkorlik kengashlari faoliyat yuritmoqda. Spin-off korxonalar va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash tizimi kengaytirilmoqda.
“Hukumat soati”da qayd etilganidek, so‘nggi yillarda oliy ta’lim qamrovining kengayishi natijasida bitiruvchilar soni ham izchil o‘smoqda. 2025/2026 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarini 323 mingdan ortiq talaba tamomladi. 2027-yilda esa mehnat bozoriga 390 mingdan ortiq bitiruvchi kirib kelishi prognoz qilinmoqda. Bitiruvchilarning ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotini ta’minlash maqsadida mamlakat bo‘ylab “TalabaEkspo” kasb ko‘rgazmalari, mehnat yarmarkalari va mahorat darslari muntazam o‘tkazilmoqda. Joriy yilda 378 ta mehnat yarmarkasi, 1 ming 243 ta vorkshop tashkil etildi. Ularda 7 ming 700 dan ortiq ish beruvchi ishtirok etib, 144 mingdan ziyod bitiruvchi qatnashdi. Qariyb 18 ming nafar yosh bilan ishga qabul qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Bundan tashqari, “TalabaEkspo – 2026” doirasida esa mingdan ortiq yirik ish beruvchi ishtirok etdi. 60 mingga yaqin talaba va bitiruvchi qatnashgan mazkur tadbir natijasida 9 ming 347 nafar talaba bilan ishga joylashish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Shu bilan birga, ta’lim dasturlari xalqaro tajriba asosida takomillashtirilmoqda. TOP-300 talikka kirgan xorijiy universitetlar o‘quv dasturlari asosida minglab ta’lim dasturlari yangilandi, yangi darsliklar va elektron ta’lim resurslari yaratildi.
Muhokamalar davomida bitiruvchilarni ishga joylashtirish tizimini samarali tashkil etish maqsadida “career.edu.uz” elektron platformasi ishga tushirilgani alohida qayd etildi. Platforma orqali bitiruvchilarning bandlik holati real vaqt rejimida monitoring qilinib, ish beruvchilarga munosib nomzodlar tavsiya etilmoqda hamda talabalarga mutaxassisligiga mos bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilinmoqda.
Raqamli monitoring natijasida bitiruvchilarning bandlik ko‘rsatkichlari izchil yaxshilanmoqda. Jumladan, 2026 yilning may-iyun oylari davomida ish bilan band bo‘lmagan bitiruvchilar soni qariyb 19 ming nafarga qisqargan. Shuningdek, texnikum bitiruvchilarining amaliyot o‘tashi, shartnomalarni rasmiylashtirish, davomat va bandlik monitoringi ham bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda.
Vazirning ta’kidlashicha, bugungi kunda barcha ta’lim yo‘nalishlari talabalari uchun sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, axborot texnologiyalari va raqamli savodxonlik bo‘yicha qo‘shimcha kompetensiyalarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, talabalar uchun sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro ta’lim platformalari bilan integratsiya yo‘lga qo‘yildi. Bu ularga zamonaviy raqamli ko‘nikmalarni egallash va xalqaro darajada tan olinadigan sertifikatlarga ega bo‘lish imkonini yaratmoqda.
Muhokamalar davomida siyosiy partiyalar fraksiyalari a’zolari ham sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi vakillari mehnat bozori ehtiyojlaridan kelib chiqib, oliy ta’lim klassifikatoriga so‘nggi yillarda qanday yangi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari kiritilgani yuzasidan savollar berdi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari inson kapitalini rivojlantirish, yoshlarimizning egallagan kasbi va mutaxassisligi bo‘yicha munosib ish o‘rniga ega bo‘lishi nafaqat iqtisodiy, balki millat kelajagi bilan bog‘liq strategik masala ekanini ta’kidlab, career.edu.uz platformasida rezyume shakllantirgan bitiruvchilarning qancha qismi ish bilan ta’minlangani, shundan qanchasi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashgani bilan qiziqdi.
“Adolat” SDP fraksiyasi tomonidan bitiruvchilarni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirish yuzasidan oliy ta’lim tashkilotlari rektorlari uchun qanday aniq KPI va shaxsiy javobgarlik mezonlari belgilanganiga e’tibor qaratdi.
O‘zXDP fraksiyasi markaz va hududlar o‘rtasidagi “raqamli tafovut” yoshlar uchun yangi ijtimoiy tengsizlikka aylanib qolmasligi uchun vazirlik tomonidan hududiy oliygohlar kesimida aniq moliyaviy manbalari, muddatlari va natijaviy ko‘rsatkichlari belgilangan alohida dastur ishlab chiqilgani bilan qiziqdi.
Ekologik partiya fraksiyasi deputatlari esa “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash vazifalaridan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasalarida tayyorlanayotgan kadrlar tarkibi va ta’lim dasturlari “yashil ish o‘rinlari” ehtiyojlariga qay darajada moslashtirilganiga oid masalani ko‘tardi.
Vazir deputatlarning savollariga javob berib, ular tomonidan bildirilgan takliflar sohani yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
