“Ijro.gov.uz” tizimida ijro intizomini taʼminlash masalalariga bagʻishlangan oʻquv-amaliy seminar boʻlib oʻtdi
2026-07-10 17:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Seminarda Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi hamda vazirlik va tizim tashkilotlarining masʼul mutaxassislari, shuningdek, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad – vazirlik markaziy apparati, tizim tashkilotlari va oliy taʼlim tashkilotlarida 2026-yil birinchi yarim yilligi davomida qonunchilik hujjatlarida belgilangan topshiriqlar ijrosi natijalarini tahlil qilish, shuningdek, joriy yilning ikkinchi yarim yilligida barcha vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalarni belgilab olishdan iborat boʻldi.
Seminar davomida qonunchilik hujjatlari ijrosini tashkil etishda amalda boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar, jumladan, davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlashga qaratilgan Prezident farmonlari va qarorlari mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga “Ijro.gov.uz” tizimida topshiriqlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish, ijro natijalarini yetarlicha asoslangan maʼlumotlar bilan rasmiylashtirish, ijroni nazorat qilish hamda amaliyotda uchrayotgan muammolarning oldini olish boʻyicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Seminarda birinchi yarim yillik tahlillari asosida ayrim oliy taʼlim tashkilotlarida topshiriqlar ijrosini tasdiqlovchi maʼlumotlarning yetarli darajada asoslanmaganligi yoki joylardagi haqiqiy holat bilan toʻliq mos kelmagani natijasida ijro jarayonlarida kamchiliklar kuzatilgani qayd etildi.
Bajarilmaslik xavfi hamda ijro muddati kelayotgan topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlashda Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi masʼullar bilan muntazam ravishda “jonli muloqot” olib borish zarurligi taʼkidlandi.
Seminarda ishtirok etgan jamoatchilik vakillari uchun 2026-yilning 2-choragi davomida Prezident hamda Hukumat hujjatlarida belgilangan topshiriqlarning ijro etilish holati haqida ham hisobot berildi.
“Ijro.gov.uz” tizimi orqali vazirlikka jami 635 ta topshiriq yuklatilgan boʻlib, ularning 632 tasi, yaʼni 99,5 foizi belgilangan muddatlarda toʻliq bajarildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 223 ta hujjati doirasida yuklatilgan 520 ta topshiriqning 517 tasi oʻz vaqtida ijro etildi.
Qolgan topshiriqlar esa belgilangan tartibda qoʻshimcha muvofiqlashtirish va oʻrganish ishlari yakunlangach, toʻliq va sifatli ijrosi taʼminlanadi. Hukumat hujjatlari boʻyicha ham yuqori natijalar qayd etildi.
Jumladan, Hukumatning 47 ta hujjati asosida belgilangan 115 ta topshiriqning barchasi oʻz vaqtida va toʻliq bajarildi.
Tadbir yakunida tizim tashkilotlari va oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlariga 2026-yilning ikkinchi yarim yilligida ijrosi belgilangan barcha topshiriqlarni oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq bajarish, ijro intizomi boʻyicha kunlik nazoratni kuchaytirish, rahbarlarni muntazam xabardor qilib borish hamda masʼul tarkibiy boʻlinmalar oʻrtasida doimiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.
Shuningdek, vazirlikning Ijro intizomi va nazorat boʻlimiga tizimdagi tashkilotlar faoliyatini tahlil qilish, ijro intizomi yuqori boʻlgan oliy taʼlim muassasalarini ragʻbatlantirish yuzasidan takliflar kiritish hamda “Ijro.gov.uz” tizimida ishlash samaradorligini yanada oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni izchil davom ettirish topshirildi.
Shu bilan birga, amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini taʼminlash, har bir ijrochining shaxsiy javobgarligini oshirish maqsadida “Ishni jamoa bajaradi – masʼuliyat esa shaxsiy” prinsipi asosida ishlarni tashkil etish belgilab olindi.









