Tadbirkorlar va xalqaro ta’lim: yangi imkoniyatlar muloqoti
2026-07-04 10:15:00 / Vazirlik yangiliklari
Joriy yilning 3-iyul kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida dunyoning eng nufuzli universitetlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar va mahalliy tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.

Uchrashuvda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, 300 ga yaqin tadbirkorlar hamda yoshlar ishtirok etdilar.
Ochiq muloqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqaro ta’lim olgan iqtidorli yoshlar bilan mahalliy tadbirkorlar o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, innovatsion g‘oyalar va zamonaviy bilimlarni mamlakat iqtisodiyoti hamda biznes rivojiga yo‘naltirishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar xalqaro ta’lim tajribasi, innovatsion g‘oyalar, startaplar, zamonaviy biznes yechimlari, raqamli texnologiyalar hamda yoshlar va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, iqtidorli yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, ularning startap va innovatsion loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va biznes o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda malakali kadrlarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida bunday muloqotlar yoshlarning bilim va salohiyatini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.









