Talabalar turar joylarini qurish bo‘yicha yangi tartib joriy etildi
2026-07-03 15:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Endilikda tadbirkorlar davlat bilan hamkorlikda zamonaviy talabalar turar joylarini quradi, davlat esa ularni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi.
Yangi tartibning asosiy jihatlari:
➖ DXSh asosidagi loyiha kamida 200 o‘rinli talabalar turar joyi uchun amalga oshiriladi.
➖ DXSh har bir yotoq o‘rni uchun qurilish xarajatlarining 50 foizigacha subsidiya ajratadi (belgilangan limit doirasida).
➖ Talabalar turar joyi uchun to‘lov miqdori davlat va xususiy sherik o‘rtasidagi kelishuv asosida belgilanadi.
➖ Davlat qabul komissiyasi orqali joylashtirilgan talabalar uchun yotoqxonani saqlash va foydalanish xarajatlarining 50 foizigacha davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi (belgilangan me'yor doirasida).
Agar yotoqxonada bo‘sh o‘rinlar qolsa, ularga boshqa oliy ta’lim tashkilotlari talabalari ham joylashtirilishi mumkin.
Shuningdek:
▪️Yotoqxona uchun ajratilgan yer maydonida bitimda belgilangan yotoq oʻrinlardan tashqari bo‘sh maydonlardan tadbirkorlik faoliyati uchun foydalanishga ruxsat beriladi.
▪️Davlat subsidiyalari maxsus elektron platforma orqali talabalarning biometrik identifikatsiyasi asosida hisoblanadi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab davlat OTTlari buyurtmasi asosida tadbirkorlar tomonidan 50 o‘rinli yangi yotoqxonalar qurish amaliyoti bekor qilinadi. Avval boshlangan loyihalar esa amaldagi bitimlar muddati tugaguniga qadar davom ettiriladi.
