Rasmiy munosabat
2026-06-25 08:00:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-yanvardagi 30-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, tanlovning tuman (shahar) bosqichida g‘olib deb topilgan ishtirokchilar bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti hamda sertifikat bilan taqdirlanishi belgilangan.
Mazkur nizomga muvofiq, tanlovning 1 va 2-bosqichi g‘oliblarini rag‘batlantirish bilan bog‘liq xarajatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan moliyalashtiriladi. Shu bois, tuman (shahar) bosqichi g‘oliblariga bir martalik pul mukofotlarini ajratish va to‘lash ishlari hududiy hokimliklar tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan mazkur masala yuzasidan tegishli hududiy hokimliklarga rasmiy murojaatlar yuborilgan hamda Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari ijro uchun yetkazilgan.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim hududlarda, jumladan Andijon viloyatida, tuman (shahar) bosqichi g‘oliblariga belgilangan bir martalik pul mukofotlarini moliyalashtirish va to‘lash ishlari belgilangan muddatlarda amalga oshirilmagan.
Shu bilan birga, mazkur bir martalik pul mukofotlarini moliyalashtirish uchun mablag‘ ajratish va to‘lovlarni amalga oshirish Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining bevosita vakolatiga kirmaydi.
Ayni paytda tanlov g‘oliblariga belgilangan bir martalik pul mukofotlarini to‘liq moliyalashtirish va to‘lab berish masalasi yuzasidan tegishli hududiy hokimliklar bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda hamda Vazirlar Mahkamasi topshiriqlarining to‘liq ijrosini ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
