Chust – hunarmandchilik an’analari yashayotgan qadimiy shahar
2026-07-01 14:30:00 / Vazirlik yangiliklari
Namangan viloyatidagi Chust shahri Farg‘ona vodiysining eng qadimiy maskanlaridan biri bo‘lib, dunyoga mashhur Chust pichoqlari va milliy do‘ppilari bilan tanilgan.

Chust qadimdan O‘rta Osiyoning metallga ishlov berish markazlaridan biri hisoblanadi. Shaharning qoq markazida joylashgan so‘zangarlar mavzesida mohir ustalar bugungi kunda ham ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan an’analar asosida qo‘lda pichoq yasash san’atini davom ettirmoqda.
Chust pichoqlari o‘zining o‘tkirligi, mustahkamligi va nafis bezaklari bilan yuksak qadrlanadi. Har bir pichoq ustalarning mahorati va ko‘p asrlik tajribasini o‘zida mujassam etgan noyob hunarmandchilik namunasidir.
Shahar yana Chust do‘ppilari bilan ham mashhur. Qo‘lda tikiladigan, betakror naqsh va bezaklarga ega ushbu do‘ppilar o‘zbek milliy amaliy san’atining yorqin namunasi sanaladi.


