Ilm-fan va innovatsiyalarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish — ustuvor vazifa
2026-07-02 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Tashrif davomida mutasaddilar institutda amalga oshirilayotgan innovatsion va ilmiy-tadqiqot ishlari, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish borasidagi izlanishlar bilan tanishdi.
Xususan, plazma texnologiyalarining qishloq xo‘jaligi, suvni tozalash va onkologiya yo‘nalishlarida qo‘llanilishi, qishloq xo‘jaligi uchun bioo‘g‘itlar ishlab chiqish, nanokompozit materiallar sintezi, ikki o‘lchamli (2D) materiallar va ularning istiqbolli qo‘llanilish imkoniyatlari, shuningdek, vodorod energetikasi hamda vodorod texnologiyalari sohasida olib borilayotgan ilmiy ishlar taqdimot qilindi.
Mutasaddilar va institut jamoasi o‘rtasida kechgan muloqotida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, ularning ishlab chiqarish tarmoqlariga keng joriy etilish, ilm-fan natijalarini iqtisodiyotning real sektoriga integratsiyasini jadallashtirish hamda ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari huzuridagi ilmiy markazlar va tadqiqot institutlari mamlakatning innovatsion rivojlanishida muhim o‘rin tutmoqda. Fundamental tadqiqotlarni amaliy natijalarga aylantirish, ilmiy salohiyatni zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish hamda yosh olimlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Mazkur tashrif universitetning ilmiy salohiyati va innovatsion imkoniyatlarini namoyon etish, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada mustahkamlash, istiqbolli ilmiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etdi.









