Raqamlar manipulyatsiyasi emas, amaliy natijalar muhim
2026-06-29 20:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Ijtimoiy tarmoqlarda talabalar turar joylari (TTJ) bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ayrim ma’lumotlar noto‘g‘ri talqin qilinayotgani kuzatilmoqda.
Avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentyabrdagi 563-son qarori bilan 2022–2025-yillarda jami 109,6 ming o‘rinli talabalar turar joylarini barpo etish dasturi tasdiqlanganini qayd etish lozim.
Bugungi kunga qadar davlat-xususiy sheriklik, davlat byudjeti hamda oliy ta’lim tashkilotlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 74,1 ming o‘rinli talabalar turar joylari foydalanishga topshirildi. Bu dasturda belgilangan rejaning 67,5 foizini tashkil etadi. Qolgan 34,8 ming o‘rinli 58 ta loyiha bo‘yicha qurilish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Shuningdek, ayrim manbalarda 2022–2025-yillarda yaratilgan o‘rinlar mavjud yotoqxonalarni “zichlashtirish” hisobiga tashkil etilgani haqida bildirilayotgan fikrlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Mavjud talabalar turar joylarini optimallashtirish va ikki yarusli karavotlar o‘rnatish orqali qo‘shimcha 22,4 ming o‘rin tashkil etish ishlari 2021-yilda amalga oshirilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich 2022–2025-yillarda barpo etilgan 74,1 ming o‘rin tarkibiga kirmaydi.
Shu bilan birga, talabalar turar joylariga bo‘lgan ehtiyoj barcha talabalar sonidan kelib chiqib emas, balki turar joyga haqiqiy ehtiyoji mavjud kontingent asosida aniqlanadi. Xususan, 2026-yil 31-mart holatiga davlat oliy ta’lim tashkilotlarida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan 534,9 ming talabaning 251,7 ming nafari o‘z uyida yoki yaqin qarindoshlari bilan istiqomat qiladi.
Talabalar turar joylariga bo‘lgan ehtiyojni aniqlashda har bir oliy ta’lim tashkilotining real holati, talabalarning murojaatlari, hududiy xususiyatlar hamda mavjud infratuzilma imkoniyatlari inobatga olinadi.
Shu sababli talabalar umumiy sonini yotoqxonaga bo‘lgan ehtiyoj bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqqoslash hamda turli davr va turli metodologiyalar asosida shakllangan statistik ko‘rsatkichlarni o‘zaro solishtirib xulosa chiqarish metodologik jihatdan to‘g‘ri yondashuv hisoblanmaydi.
Bugungi kunda davlat oliy ta’lim tashkilotlarida 391 ta talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, ularning umumiy sig‘imi 159,2 ming o‘rinni tashkil etadi. Hozirda amalga oshirilayotgan loyihalar to‘liq yakunlanishi natijasida yotoqxonaga ehtiyoji mavjud talabalarni qamrab olish darajasi sezilarli oshadi.
Vazirlik talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlaydi hamda bu boradagi ishlar izchil davom ettirilishini ma’lum qiladi. Shuningdek, jamoatchilikni xolis, ishonchli va rasmiy manbalarga tayangan holda xulosa chiqarishga chaqiradi.
