Rasmiy bayonot: Talabalar turar joylari sotuvga qoʻyilmagan!
2026-06-29 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Xususan: Samarqand davlat tibbiyot universitetida talabalar turar joyining hovli qismidagi 69,8 kv.m bo‘sh maydon; Farg‘ona davlat universitetida yerto‘ladagi 40 kv.m bo‘sh xona; Guliston davlat universitetidagi 37 va 52 kv.m bo‘sh xonalar; Urganch davlat universitetidagi 36 kv.m oshxona; Farg‘ona davlat texnika universitetidagi oshxona binosi; Termiz davlat universiteti hududidagi texnologik maydon ommaviy savdolar orqali ijaraga berish uchun joylashtirilgan bo‘lib, mazkur obyektlar talabalarni yashash joylari hisoblanmaydi va talabalar turar joylari o‘rinlari qisqarishiga sabab bo‘lmaydi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining talabalar turar joyi sotuvga qo‘yilgani haqida ham fikrlar bildirilgan.
Mazkur obyektning ommaviy savdoga chiqarilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF–70-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2025-yil uchun xususiylashtirish dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Bunda muhim jihat shundaki, universitetning mavjud bino va inshootlari Yangi Toshkent hududida barpo etilayotgan zamonaviy kampus to‘liq qurilib, foydalanishga topshirilgandan keyin bo‘shatib berilishi sharti bilan ommaviy savdoga chiqarilgan.
Ayni paytda universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda mazkur obyektlarni sotishdan tushadigan mablag‘lar hisobidan zamonaviy o‘quv binolari va 5 ming o‘rinli yangi talabalar turar joylari qurilmoqda. Yangi kampusda talabalar uchun barcha zarur sharoitlarga ega zamonaviy ta’lim va yashash muhiti yaratiladi.
Shu munosabat bilan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan mazkur e’lonlarni talabalar uchun mo‘ljallangan yotoq o‘rinlari sotilmoqda yoki ijaraga berilmoqda, degan mazmunda talqin qilish haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Shu bilan birga, vazirlik tomonidan talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF–16-son Farmoniga muvofiq, 2025-yilda davlat-xususiy sheriklik asosida 8 ming o‘rinli talabalar turar joylarini barpo etish vazifasi belgilangan bo‘lsa, yil yakunida jami 11 084 o‘rinli talabalar turar joylari tashkil etildi. Bu belgilangan rejaning 138,6 foiz bajarilganini anglatadi.
Yangi talabalar turar joylari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi 19 ta davlat oliy ta’lim muassasasida barpo etildi.
Bundan tashqari, 2022–2025-yillar davomida respublika bo‘yicha jami 74,1 ming o‘rinli talabalar turar joylari yaratildi. Natijada davlat oliy ta’lim muassasalaridagi talabalar turar joylarining umumiy sig‘imi 159,1 ming o‘ringa yetkazilib, talabalarning yotoqxona bilan ta’minlanish darajasi 58 foizni tashkil etdi.
Ayni paytda respublika bo‘yicha 38,5 ming o‘rinli talabalar turar joylarini barpo etish loyihalari amalga oshirilmoqda. Shundan 30,7 ming o‘rinli obyektlarda qurilish ishlari davom etmoqda. Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida davlat-xususiy sheriklik asosida qo‘shimcha 10 ming o‘rinli talabalar turar joylarini qurish loyihalari ham amalga oshirilmoqda.
2026-yilda esa respublika bo‘yicha jami 12 110 o‘rinli yangi talabalar turar joylarini qurib, foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi jamoatchilikni xolis va ishonchli ma’lumotlar bilan ta’minlash maqsadida ommaviy axborot vositalari va blogerlar bilan ochiq hamkorlik qilishga tayyorligini bildiradi.
