"Career.edu.uz" platformasi bo‘yicha o‘quv seminari tashkil etildi
2026-06-27 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur platformadan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida vazirlik tomonidan 208 ta tuman va shahar hokimlari o‘rinbosarlari ishtirokida onlayn o‘quv seminari o‘tkazildi. Seminarda "career.edu.uz" ning imkoniyatlari va undan foydalanish tartiblari bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.
Xususan, ishtirokchilar:
🔹 bitiruvchilar bandligi holatini respublika, viloyat hamda tuman (shahar) kesimida real vaqt rejimida, inson omilisiz monitoring qilish;
🔹 ish beruvchilarga sohasiga mos munosib bitiruvchilarni tavsiya etish;
🔹 bitiruvchilarga mutaxassisligi va ko‘nikmalariga mos bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qilish;
🔹 hududlar kesimida bandlik ko‘rsatkichlarini onlayn kuzatish va tahlil qilish imkoniyatlari bilan tanishtirildi.
Mazkur platformadan foydalanish vakolati mahalliy hokimliklar darajasigacha kengaytirilib, ular zimmasiga o‘z hududidagi bitiruvchilarning bandlik holatini muntazam onlayn monitoring qilish, mahalla kesimida ish bilan ta’minlash choralarini tizimli tashkil etish vazifalari yuklatilgan.
O‘quv seminari hududlarda "career.edu.uz" platformasidan samarali foydalanish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha idoralararo hamkorlikni kuchaytirish hamda Prezidentimiz topshiriqlari ijrosini sifatli ta’minlashga xizmat qiladi.






